Tadbirkorlar bilan anʼanaviy ochiq muloqoti yuqori samaradorligi bilan alohida ajralib turadi. Chunki aynan shunday uchrashuvlar sabab koʻp yillardan beri hal boʻlmay kelayotgan muammolarga yechim topilyapti. Soha vakillariga yangi imkoniyatar eshigi ochilyapti. Yaʼni ochiq muloqotlar yakuni boʻyicha davlat rahbarining tegishli qarori qabul qilinib, muloqotda koʻtarilgan yuzlab masalalarni yechish boʻyicha topshiriqlar, yoʻl xaritalari belgilanib olinmoqda.
Oʻtgan ikki yilda oʻtkazilgan ochiq muloqotlarda tadbirkorlardan kelib tushgan 27 mingdan ortiq taklif va murojaat bularga asos boʻldi. Jumladan, oʻtgan yilgi uchrashuvda bildirilgan taklif va muammolardan kelib chiqib, unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
“Yoʻl xaritasi” bilan Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil — biznes ombudmanga ham bir necha vazifa yuklatildi. Ulardan biri tadbirkorlarning bank hisobraqamidagi pul mablagʻlari daxlsizligini taʼminlash vazifasidir.
Tadbirkorlik subyektlari bank hisobraqamlaridan qonun hujjatlarida belgilanmagan tartibda pul olib qoʻyish yoki ortiqcha undirilgan mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarmaslik holatlari uchrab turardi. Ushbu masalalar sudlarga daʼvo ariza yoki davlat organlariga taqdimnoma va xulosalar kiritish yoʻli bilan hal etilardi.
Bunday harakatlarni sodir etgan mansabdorlarning javobgarligi qonunchilikda ochiq qolayotgandi. Shu sababli, joriy yilning may oyida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlari daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonun tadbirkorlik subyektlari bank hisobraqamlaridagi pul mablagʻlari daxlsizligini taʼminlash hamda davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari mansabdor shaxslari masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan yangi moddaga koʻra, tadbirkorlik subyektlari bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda oʻtkazish yoki olib qoʻyish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan moddada shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan jinoyatning ogʻirligidan kelib chiqib yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
“Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan tadbirkorlar faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonun talablaridan kelib chiqqan holda oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida 2022-yil 13-sentyabrda Prezidentning “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Shu asosda qabul qilingan nizomga koʻra, 2022-yil 1-noyabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olinishi va mazkur tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlarni oʻtkazish noqonuniy hisoblanishi qatʼiy belgilab qoʻyildi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reestriga kiritilmagan funksiyalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish taqiqlanadi.
Hujjatning yana bir muhim jihati shundaki, endi tadbirkorlar faoliyatidan kamchilik qidirish va uni jazolash emas, balki unga avval boshidan ishni toʻgʻri tashkil qilishni oʻrgatish hamda qaysi xatti-harakat qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi xususida profilaktik tadbirlar oʻtkazish orqali tushuntirib borish birinchi darajaga chiqarildi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshirilishiga qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilishining oldini olish boʻyicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda oʻtkazilgandan soʻnggina yoʻl qoʻyiladi. Bundan soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlar va maʼlumotlar asosida oʻtkaziladigan tekshiruvlar mustasno.
Barcha jarayonlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga maʼlumotlarni kiritib borish orqali tahlil qilinadi.
“Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilgandan soʻng 43 ta nazorat organining 500 dan ortiq nazorat vakolati roʻyxati, sohaga oid 200 dan ortiq normativ hujjatda belgilangan 3 mingga yaqin majburiy talab reestri shakllantirildi. Nizomning amaliyotga joriy qilinishi bilan esa tadbirkorlar faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarning tartibga solinishiga va asossiz aralashuvlar kamayishiga erishildi. Xususan, 2023-yil yanvar-iyun oylari davomida 28 ta nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlar faoliyatida jami 54 ming 199 ta tekshiruv oʻtkazilgan boʻlib, 2022-yilning shu davri bilan solishtirganda tekshiruvlar soni 34 ming 865 taga kamaygani kuzatildi. Yaʼni 2022-yilning olti oyida tadbirkorlar faoliyatidagi jami tekshiruvlar soni 61 ming 985 tani tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida ushbu koʻrsatkich 39 foiz pasaygan.
Tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi bilan tadbirkorlarga:
- oʻtkazilgan va oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tekshiruvlar haqida nafaqat kompyuter, balki maxsus mobil ilova hamda telegram bot va SMS xabar orqali tegishli maʼlumotlarni olish;
- tadbirkorlarga oʻtkazilgan tekshiruvlar boʻyicha nazorat organi xodimining xatti-harakatiga baho berish va korrupsiya holatlari haqida shikoyat qilish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, soʻnggi yillarda amaliyotda foydalanilmayotgan Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobi elektron formatda qayta tiklandi. Kitobga tekshiruv toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishida nomuvofiqliklar aniqlansa, masalan, tekshirish huquqi boʻlmagan yoki tekshiruvga chiqishi belgilanmagan nazoratchining maʼlumotlari kiritilsa, elektron kitob oʻsha vaqtning oʻzida bunday nomuvofiqliklarni koʻrsatib, tekshiruv noqonuniy ekani haqida xabar beradi.
Bunday yangilanishlar, tabiiyki, soha vakillari faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Ularni turli keraksiz qogʻozbozlik va ovoragarchiliklardan himoya qiladi. Himoyani his qilgan ishbilarmon esa istiqbolga katta ishonch bilan yangi loyihalarni amalga oshirish harakatida boʻladi.
Dilmurod QOSIMOV
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil