Toshkent shahar, YUnusobod tumanida doimiy ro'yxatda turuvchi, “Next” savdo majmuasida sotuvchi bo'lib ishlovchi, 1999 y.t. fuqaro Jaxongir U. ariza bilan murojaat qilib, 10 may kuni o'ziga tegishli bo'lgan bank plastik kartasidan 2.020.000 so'm miqdoridagi pullarini noma'lum shaxs “Telegram” ijtimoiy tarmog'idagi “Click va UzCard rasmiy Dilleri” nomli akkaunti orqali noma'lum yo'llar bilan echib olganligini ma'lum qilib, noma'lum shaxsni aniqlab unga nisbatan qonuniy chora ko'rishlikni so'ragan.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tezkor-qidiruv hamkorligi bo'limi va YUnusobod tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv bo'limi xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida, Farg'ona viloyati, Beshariq tumanida doimiy ro'yxatda turuvchi, shu tumanda joylashgan maktabgacha ta'lim muassasasida ingliz tili o'qituvchisi, Farg'ona Davlat Universiteti talabasi, 1999 y.t. fuqaro Pirimqul J. aniqlanib, ushlandi.

Holat yuzasidan Pirimqul J. bilan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, jinoiy harakatlarini amalga oshirish va jinoyat izlarini yashirish maqsadida, may oyining boshlarida “Samsung J” rusumli telefon apparati hamda internet tarmog'i orqali Amerika Qo'shma SHtatlarida ro'yxatga olingan +1(747)251-5148 SIP telefon raqamiga “Telegram” ijtimoiy tarmog'ida “Click va UzCard rasmiy Dilleri” nomli akkauntni ro'yxatga olib, Click va UzCard tashkilotlari nomidan “Telegram” ijtimoiy tarmog'ida mavjud kanal va guruh obunachilarni ishonchiga kirib, aldov yo'li bilan obunachilarga tegishli bo'lgan bank plastik kartalarining ma'lumotlarini olib, bank plastik kartalarda bo'lgan barcha mablag'larni yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, internet tarmog'i orqali R2R xalqaro pul o'tkazmalar tizimiga ulanib mablag'larni echib olib, jinoiy yo'l bilan topilgan jami 8.000.000 so'm miqdoridagi mablag'larni internet tarmog'i orqali legallashtirib, otasi vaqtincha ishsiz, 1968 y.t. fuqaro Diyor A.ning nomiga Milliy bank tomonidan rasmiylashtirilgan Virtual bank plastik kartasiga o'tkazib yuborganligini ma'lum qildi.

Fuqaro Pirimqul J.ning oldida bo'lgan “Samsung J” rusumli telefon apparati ko'zdan kechirilganda, “Telegram” ijtimoiy tarmog'ida Amerika Qo'shma SHtatlarida ro'yxatga olingan +1(747)251-5148 SIP telefon raqamiga bog'langan “Click va UzCard rasmiy Dilleri” nomli akkaunti, “ClickVOT” akkauntida virtual bank plastik kartasi borligi aniqlanib, virtual bank plastik kartasida 20 may holatiga jami 19.283.000 so'm miqdorida mablag'lar mavjudligi aniqlanib, “Samsung J” rusumli telefon apparati ashyoviy dalil sifatida olinib, to'plangan hujjatlar qonuniy chora ko'rishlik uchun Toshkent shahar YUnusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo'limiga topshirildi.

Hozirda Pirimqul J.ning Toshkent shahar hududida sodir etilgan ushbu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi tezkor yo'llar bilan tekshirilmoqda.

(barcha shaxslarning ism-familiyasi o'zgartirilgan)

IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi