Aslida, masofaviy tibbiy xizmat ko'rsatish amaliyoti sog'liqni saqlash tizimi uchun yangilik emas. Biroq Er sharining narigi burchagidan turib boshqa olis mamlakatdagi bemorni noyob operatsiya orqali davolashdek innovatsion imkoniyatga bundan keyin ham ehtiyoj juda katta. Shu bois JSST teletibbiyotdan yanada ko'proq foydalanish tarafdori. Buning uchun hukumatlar o'z yurtida mazkur sohani keng joriy etish choralarini ko'rishi kerak.
Tashkilotning Evropa mintaqaviy byurosi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, telemeditsina kasalliklar diagnostikasi va muolajasi, qolaversa, qator surunkali xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlarga uzoq muddatli tibbiy xizmat ko'rsatishda muhim rol` o'ynaydi. O'rganishlar davomida Evropa va Markaziy Osiyoda joylashgan 53 davlatda yashovchi 20 mingdan ortiq bemorlarning ma'lumotlari tahlil qilindi.
“Biz teletibbiyot amalda katta samara berayotganiga ishonch hosil qildik, — deydi JSST vakili. — Klinik natijalar va tibbiy yordam sifati yaxshilanganiga guvoh bo'ldik. Bundan bemorlar ham, shifokorlar ham birdek manfaatdor”.
Biroq soha rivoji yo'lida jiddiy to'siqlar mavjud. Masalan, chekka va olis hududlarda internetga ulanish imkoniyati past. Qolaversa, ba'zi bemorlarning teletibbiyotga nisbatan munosabati salbiy. Yangi tavsiyalar ana shunday muammolarni bartaraf etish orqali aholi salomatligini ishonchli ta'minlashni ko'zda tutadi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati