“Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlariga toʻlov-kontrakt toʻlab beriladi

    Ijtimoiy hayot 15 Iyul 2021 3752

    “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat OTMlarida oʻqiyotgan farzandlariga birinchi oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakti toʻlab beriladi.

    “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–6260-son, 13.07.2021-y.) qabul qilindi.

    Farmonga koʻra, 2021-yil avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan har bir farzandi uchun 500 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi.

    “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat OTMlarida taʼlim olayotgan farzandlariga 2021/2022 oʻquv yilida birinchi oʻquv yili uchun toʻlov-kontraktning toʻliq summasi qoplab beriladi.

    “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida oʻz xonadonida qoʻshimcha uy-joy qurishi uchun 33 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi.

    Ipoteka dasturi doirasida boshlangʻich badal va foiz toʻlovlari boʻyicha qoʻshimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratiladi.

    2021-yil 1-sentyabrdan respublikadagi OTMda toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va oʻqish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida taʼlim kreditlari beriladi.

    Davlat organlari va tashkilotlarida ishlayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy OTMlarini tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qoʻshimcha ustamalar toʻlab borish tartibi joriy etiladi.

    Oylik ustamalar 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha boʻlgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qoʻshimcha ravishda har oy toʻlab boriladi.