“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyatiga Toshkent shahar, Olmazor tumani, “Axil” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Murodjon To‘laganov yo‘llagan xatda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yuzaga kelgan muammolar haqida so‘z boradi.

Mazkur masalani joyiga chiqib o‘rganish, gazeta va saytimizga material tayyorlash maqsadida poytaxtimizning Olmazor tumanida bo‘ldik. Ayni kunda murojaatchi xizmat safari bilan xorijda bo‘lib turgani tufayli uning ishonchli vakili Iskandar Rasulov bilan uchrashdik. Muammoni o‘rgandik, birgalikda yechim izladik.

Xatda ma’lum qilinganidek, fuqaro Murodjon To‘laganov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 27-iyundagi “«Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risida” gi farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-yanvardagi tegishli qarorida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, Toshkent shahar va Olmazor tuman hokimlarining og‘zaki topshiriqlari va boshqa tegishli hujjatlar ijrosini ta’minlash uchun poytaxtimizning Olmazor tumani, “Quyosh” mahallasi, Ohakchi tor 2-berk ko‘cha, 78 “B” uy yonidagi qarovsiz 115,0 kv.m. yer maydoniga “Yoshlar mehnat guzari” binosini qurgan. Ayni jarayon boshlanishidan avval tayyorlangan bino pasport va qurilish smetasi loyihasi tuman hokimligiga taqdim etilgan. Yer to‘la, 1 va 2 qavatdan iborat ushbu obyekt qurilishi 2019-yil dekabr oyida boshlanib, 2021-yil yakunlangan. Qurilish davrida tadbirkor tomonidan 20 nafarga yaqin moddiy jihatdan qiynalgan shu mahallada yashovchi oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilgan, ehtiyojmand bir oila uyi ta’mirlab berilgan.

Yangi inshootni elektr energiya, tabiiy gaz, suv va boshqa kommunal tizimlarga ulash chora-tadbirlari ko‘rilgan, ammo Toshkent shahar hokimligining tegishli qarori bo‘lmagani tufayli bu boradagi ishlar oxiriga yetmagan.

– Mazkur obyekt o‘z vaqtida, 2021-yili ishga tushirilganida edi, har yili davlatga qancha soliq to‘lanardi, muhimi, yigirma nafarga yaqin mahalla yigit-qizlari ishli-daromadli bo‘lardi, – deydi murojaatchining ishonchli vakili Iskandar Rasulov. – Reja bo‘yicha bu yerda yoshlar xorijiy tillarni o‘rganadigan o‘quv markazi, bir nechta sport turlari bilan shug‘ullanish uchun to‘garaklar, go‘zallik saloni, xotin-qizlar uchun tikuv sexi faoliyati yo‘lga qo‘lishi lozim edi. Hatto buning uchun zarur bo‘ladigan texnika va jihozlarni oldindan xarid qilib qo‘ygandik.

Tahririyatimizga taqdim etilgan hujjatlar orasida Toshkent shahar hokimining yuqorida keltirilgan 115,0 kv.m. yer maydoniga “Yoshlar mehnat go‘zari” qurish bo‘yicha qarori loyihasi, shuningdek, bino qurilishiga mas’ul tashkilotlarning ayni obekt barpo etilishi bo‘yicha ijobiy xulosalari nusxalari ham bor. Ushbu loyiha poytaxt hokimining o‘rinbosari va maslahatchisi, shahar bosh arxitektori, tegishli boshqarma boshliqlari va o‘rinbosarlari, shuningdek, Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i bilan kelishilgan, ularning roziligi-imzolari olingan. Ammo hujjatni Toshkent shahar hokimiga kiritilshi kechiktirilgan, alaloqibat qaror chiqmay qolib ketgan. Boshqacha aytganda, temir qizig‘ida bosilmagan.

“Qolgan ishga qor yog‘ar” degan maqol bejiz aytilmagan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni 4-bandida “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid quyidagi vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021-yil 1-avgustdan bekor qilinsin.” deyilgan. Mazkur farmon ortga surilib kelayotgan “Yoshlar mehnat go‘zari” hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari butunlay to‘xtatilishiga asos bo‘lgan.

Keyinchalik esa tadbirkor ushbu guzarni barpo etish uchun yetirlicha huquqiy asoslarga ega bo‘lmagani, Toshkent shahar kadastr boshqarmasi tomonidan poytaxtimizning Shayxontohur tumanlararo fuqarolik sudiga 2024-yil 22-avgust kuni kiritilgan da’vo arizasida esa M. To‘laganov yuqorida ko‘rsatilgan yer maydonini noqonuniy tarzda egallab olgani, ruxsatsiz va hech qanday hujjatlarsiz inshoot qurilishini olib borgani ta’kidlangan. Sud binoni buzish haqida qaror chiqaradi. Uni bekor qilish yuzasidan murojaatlar qanoatlantirilmaydi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, Olmazor tumani “Quyosh” mahalla fuqarolar yig‘ini sobiq raisi A. Pattaxov hamda profilaktika inpektori M. Mirkarimovlarning tegishli organlarga yo‘llagan tushuntirish xatlarida M. To‘laganov binoni o‘zboshimchalik bilan, ruxsatsiz emas, shahar va tuman hokimlarining og‘zaki va tegishli ko‘rsatmalari asosida qurgani, o‘sha paytlari (2019-2021-yillar nazarda tutilmoqda) bundan tuman kadastr xizmati xodimlari ham xabardor bo‘lgani, ayni masala bo‘yicha hech qanday norozilik va ogohlantirishlar bildirilmagani keltirilgan.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimining 2020-yil 30-noyabrdagi sayyor qabul bayonnomasi ijrosi doirasida poytaxt kadastr boshqarmasi tadbirkor bilan qurilish maydonining joylashuvi va chegarasini aniqlash bo‘yicha shartnoma tuzadi, M. To‘laganov davlatga 3 million 867 ming so‘m to‘laydi. 2021-yili avgust oyida poytaxt hokimi va yuqori turuvchi organ mas’uli tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xarita”sida ham “Yoshlar mehnat go‘zari” qurilishini yakunlash, mazkur obektni barpo etish ishlarini amalga oshirish uchun zaruriy shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash belgilangan. Bu kabi holatlar tadbirkor bino qurilishini o‘zboshimchalik bilan boshlamaganini anglatadi.

“Quyosh” mahalla fuqarolar yig‘ini faollar kengashining 2025-yil 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilish bayonida “Yoshlar mehnat go‘zari” mahalla ahli-yoshlari uchun juda zarur ekani, uni saqlab qolish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi kerakligi ta’kidlab o‘tilgan. Yuqori turuvchi organlarga murojaatlar yo‘llangan.

– Qandaydir tartibda ruxsat bo‘lmasa, kimdir kelib mahallamiz hududi yerlariga bir narsa quraolmaydi, bunga yo‘l qo‘ymaymiz, – deydi “Quyosh” mahalla fuqarolar yig‘ining hozirgi raisi Farhod Jalilov. – Aminmanki, “Yoshlar mehnat go‘zari” binosi qurilishiga ham o‘sha paytlari norasmiy bo‘lsa-da rozilik berilgan. Ammo vaqtida hujjat ishlari qilinmagan. Shuning uchun bugun muammo yuzaga kelib turibdi. Uni yechimiga kuchimiz yetmayapti.

Aslida “Yoshlar mehnat guzari”ni barpo etish tashabbusi tadbirkor M. To‘laganovdan emas, 2019-yildagi Olmazor tumani hokimi va tuman IIB boshlig‘idan chiqqan. Qurilish ishlari Toshkent shahar hokimi va “Quyosh” mahallasi raisining qo‘llab-quvvatlovi asosida amalga oshirilgan. Tadbirkor ularning va’dalariga ishongan, topshiriqlarini bajargan. Yakunda esa himoyasiz qolgan.

Ayni holat yuzasidan kimnidir ayblashdan yiroqmiz. Nima bo‘lgan taqdirda ham yillar davomida qancha mehnat va mablag‘ sarflangan “Yoshlar mehnat guzari”ni saqlab qolish lozim, deb o‘ylaymiz. Binoni borib ko‘rdik, baquvvat, zamonaviy qilib barpo etilgan. Uni buzishdan ne naf. Buzildi ham deylik, bu mahalla ahli kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishdan tashqari, ekologiyaga katta zarar yetkazadi. Qancha qurilish materiallari isrof bo‘ladi. Eng yomoni, tadbirkor katta moddiy va ma’naviy zarar ko‘rib, uning mas’ullar va davlatga ishonchi yo‘qoladi.

Shunday ekan, ushbu masala yechimi qonun doirasida ko‘rib chiqilishiga umid qilamiz. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev har gal tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidlab keladi. Shuni ham eslatishni lozim topdik, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasida “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.”deyilgan.

Xolmurod Salimov,

“Yuz.uz” muxbiri