1949-yilda Xitoyda urushlar tufayli 22 ming kilometr uzunlikdagi yomon holatda boʻlgan va shikastlangan temir yoʻllar bor edi xolos. Uning 1000 kilometrdan kamrogʻi ikki izli boʻlib, elektrlashtirilgan temir yoʻllar deyarli yoʻq edi. 

Xitoy hukumati shu choqqa qadar mamlakatning temir yoʻl tarmogʻini besh barobardan ziyod kengaytirdi va temir yoʻl sohasining sifat va salohiyatini sezilarli darajada oʻzgartirdi. Xususan, poyezdlar yuqori tezlikda harakatlanishi mumkin boʻlgan tarmoq sezilarli darajada kengaytirildi va bugungi kunda Xitoy bunday magistrallarning uzunligi boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinni mustahkam egallab turibdi.

Xitoyda amalga oshirilgan temir yoʻl islohotini tarmoqni kengaytirishga qaratilgan davlat dasturi asosidagi markazlashgan boshqaruv va moliyalashtirish hisobiga ish sifati va tarmoq samaradorligini ortishiga oʻziga xos misol sifatida keltirish mumkin. Shunday qilib, Xitoyda amalga oshirilgan islohotning asosiy farqli jihati bu davlat sektorining yetakchi rolidir.

Tarmoq 2013-yilgacha temir yoʻl sohasi strategiyasi va siyosatini belgilagan Aloqa yoʻllari vazirligi tomonidan nazorat qilingan. 2013-yilda Davlat kengashi ushbu vazirlikni tarqatib yubordi hamda strategik va tartibga solish funksiyalarini tijorat vazifalaridan ajratdi. Islohotdan keyin ham xususiy sektorning jalb etilishidan umumiy rivojlanish maqsadlariga erishish uchun yordamchi vosita sifatida foydalanib kelinmoqda.

Taʼkidlash joizki, islohotlar boshlanishidan oldin sohada bir qator tizimli muammolar mavjudligi tufayli tarmoq zarar koʻrardi.

1. Temir yoʻl sohasidagi qarzlar miqdori. 2013-yilning III choragi yakunlariga koʻra, qarz miqdori oʻz kapitaliga nisbati 76 foizni tashkil etdi (2021-yilning III choragida ushbu koʻrsatkich 50 foizgacha qisqardi).

2. Firibgarlik bilan bogʻliq muammolar. Misol uchun, sobiq temir yoʻl vaziri Lyu Chjiszyun 2012-yilda pora olgani uchun vazifasidan ozod etildi. “Sinxua” axborot agentligining xabar berishicha, u oʻz mansabidan foydalanib, investitsiya kompaniyasi raisiga juda katta miqdorda noqonuniy daromad olishda yordam bergan.

3. Sohaning past samaradorligi. Sohada ish standartlarining bajarilmasligi hamda xizmatlarning past sifatda koʻrsatilishi tez-tez kuzatilgan.

Islohotlarning asosiy yoʻnalishlari:

Boshqaruvchi tashkilotlar oʻrtasida funksiyalar va masʼuliyat aniq taqsimlandi:

– Transport sohasini rejalashtirish va rivojlantirish uchun javobgarlik Transport vazirligi zimmasiga yuklandi.

– Davlat temir yoʻl boshqarmasi - texnik va xavfsizlik standartlarini qabul qilish va ularga rioya etilishini nazorat qilish uchun javobgar etib belgilandi.

– Xitoy temir yoʻl korporatsiyasi - temir yoʻlning tijorat ekspluatatsiyasi uchun masʼul boʻldi.

– Poyezdlarning ishlashi va mintaqadagi infratuzilmaning holatini nazorat qilish uchun 18 ta hududiy temir yoʻl boshqarmasi javobgar etib belgilandi.

Samaradorlikning ortishi. Hukumat tomonidan temir yoʻllarning ishlash standartlarini qatʼiylashtirish va xizmat koʻrsatish sifatini oshirish orqali ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar qabul qilindi.

Sohada raqobat muhitining yuzaga kelishi. Bugungi kunda temir yoʻl sohasida bir qator kompaniyalar, jumladan Hochtief, China Communications Construction, CRRC va Transwind Infrastructures faoliyat yuritadi.

Xususiy kapitalning jalb qilinishi. Xitoy xususiy kompaniyalarga temir yoʻl infratuzilmasiga sarmoya kiritish va oʻz poyezdlaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratdi. Shu bilan bir qatorda, 2022-yilda Xitoy birinchi xususiy tezyurar temir yoʻl loyihasini ishga tushirdi. 44,9 milliard yuan (7,1 milliard dollar) qiymatga ega boʻlgan loyiha 51 foizi xususiy sektorning ulushi boʻlgan davlat-xususiy sheriklik modeli asosida ishlab chiqildi.

Xulosa qilib aytganda, 2013-yilda Xitoyda temir yoʻl sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida past samaradorlik va yuqori darajadagi qarz miqdori kabi tizimli muammolar bartaraf etildi, shuningdek, sanoatning raqobat muhitida ishlashga oʻtishi va xususiy kapitalni jalb qilish uchun asos yaratildi.