Bu jarayonda yoshlarning o'rni va faolligi alohida ahamiyat kasb etadi. Ana shu maqsadda joriy yilning 26-fevral kuni Toshkent davlat transport universitetida temir yo'l transporti sohasi rahbarlari va talaba-yoshlar o'rtasida ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbirda sohadagi dolzarb masalalar, istiqboldagi loyihalar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar muhokama qilindi. Unda soha rahbarlari, professor-o'qituvchilar, talaba-yoshlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Muloqot davomida temir yo'l sohasida olib borilayotgan raqamlashtirish jarayonlari haqida batafsil ma'lumot berildi. Xususan, boshqaruv tizimlarini avtomatlashtirish, elektron xizmatlar ko'lamini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali samaradorlikni oshirish rejalashtirilayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani, yangi investitsion loyihalar ustida tizimli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

Mas'ullar tomonidan O'zbekistonning barcha hududlarida tezyurar poyezdlar harakatini bosqichma-bosqich yo'lga qo'yish istiqbollari haqida ham so'z yuritildi. Ushbu tashabbus hududlar o'rtasidagi transport qatnovini yaxshilash, yo'lovchilar uchun qo'shimcha qulayliklar yaratish hamda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Uchrashuvda yoshlar masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Yangi ish o'rinlari yaratish, bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash, amaliyot tizimini kuchaytirish hamda malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash bo'yicha rejalar ma'lum qilindi. Soha vakillari zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega yosh kadrlarga ehtiyoj yuqori ekanini alohida ta'kidlashdi.

Tadbir ochiq savol-javob shaklida o'tdi. Talaba-yoshlar o'zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bevosita mutasaddilardan javob olish imkoniyatiga ega bo'lishdi. Muloqot davomida temir yo'l transporti sohasida izchil yangilanishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

— Hozirgi yoshlar avvalgi avloddan farq qiladi. Zamonaviy texnologiyalarga qiziqishimiz yuqori. Ish jarayonlariga raqamli yondashuvni olib kirish orqali soha rivojiga munosib hissa qo'sha olishimizga ishonaman. Muloqot davomida temir yo'l transporti sohasida izchil yangilanishlar olib borilayotgani, yangi loyihalar ustida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani haqida batafsil ma'lumot oldik. Tadbir yakunida yoshlarning taklif va tashabbuslari qo'llab-quvvatlanishi, faol talabalar rag'batlantirilishi ta'kidlandi, — deydi Toshkent davlat transport universiteti iqtisodiyot yo'nalishi 3-bosqich talabasi Islombek Bekmamatov.

Tadbir davomida mas'ul soha mutaxassislari OAV vakillarining savollariga ham batafsil javob berishdi.

— Bugungi kunda O'zbekiston temir yo'llari tizimida yoshlarga katta e'tibor qaratilmoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan yoshlar bilan ochiq muloqotlar muntazam tashkil etilayotgani bejiz emas. Chunki bugungi yoshlarning dunyoqarashi keng, zamonaviy texnologiyalarga qiziqishi yuqori, ayniqsa raqamlashtirish jarayonlariga faol kirib kelmoqda. Ish jarayonida yangi ish boshlagan yosh xodimlar bilan suhbatlashganimizda ham ularning ishlab chiqarish tizimiga yangicha yondashayotganini ko'ramiz. Raqamli texnologiyalarni qo'llash, jarayonlarni optimallashtirish, innovatsion loyihalarda ishtirok etish borasida yoshlar ancha faol.

Shu nuqtai nazardan, Toshkent davlat transport universitetida transport sohasi rahbarlari va talabalar o'rtasida o'tkazilgan ochiq muloqot muhim ahamiyat kasb etdi. Uchrashuv davomida transport sohasida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, temiryo'l qurilishidagi yangiliklar, raqamlashtirish jarayonlari hamda kelajakdagi rejalarga oid batafsil ma'lumotlar berildi, — deydi “Temir yo'l infratuzilma” AJ boshqaruv raisi Sirojiddin Norqobilov.

Tadbir yakunida faol va iqtidorli talabalar rag'batlantirildi. Bu esa yoshlarni yanada izlanishga, o'z ustida ishlashga hamda kelajakda transport sohasi rivojiga munosib hissa qo'shishga undaydi.

Bunday uchrashuvlarning mohiyati — yoshlar va rahbarlar o'rtasidagi masofani qisqartirish, muammolarni bevosita muhokama qilish hamda kelajak rejalari yuzasidan ochiq fikr almashishdir. Uning ahamiyati shundaki, yoshlar o'zini eshitilayotganini his qiladi, rahbarlar esa kelajak kadrlarining salohiyatini bevosita baholash imkoniga ega bo'ladi. Bu esa tizimning barqaror va zamonaviy rivojlanishiga xizmat qiladi.

Mushtariy Komilova,

Maftuna Xikmatullayeva