Uchrashuv davomida kompaniya tomonidan Oʻzbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirishda texnik-konsultatsion yordam koʻrsatish, oʻzaro manfaatli tashabbuslarni moliyalashtirish boʻyicha qoʻshma mexanizmlar yaratish masalalari muhokama etildi.
Sekxon Manraj mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ularning taassurotli natijalari xalqaro aktivlar bozorining yirik ishtirokchilarida ishonch uygʻotayotganini taʼkidladi. Buning yaqqol isboti sifatida OIIB boshqaruvchilari yigʻilishi ilk bor Markaziy Osiyoda, aynan Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgani koʻrsatdi.
Uchrashuv yakunida kompaniya rahbariyati tomonidan erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishini faollashtirish va mamlakatimizdagi ijobiy oʻzgarishlarga har tomonlama koʻmak berish borasidagi tayyorlik tasdiqlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
“Franklin Templeton” — 1947-yilda Nyu-Yorkda asos solingan global investitsion kompaniya boʻlib, unda 9 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Kompaniyaning bosh ofisi AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan. Kompaniya boshqaruvidagi aktivlarning umumiy qiymati 1,5 trillion dollardan oshadi. U 30 ta mamlakatda 100 dan ortiq ofislarga ega.