баннер
10 Apr 2025
21:54

    Temu faoliyatini tiklash uchun 46 mlrd soʻm soliq toʻlashi kerak

    Xitoyning Temu marketpleysi Oʻzbekistonda taxminan 46 mlrd soʻm miqdorida soliq toʻlamagan. Soliq qoʻmitasi ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha marketpleysga talabnoma yubordi.

    Bu haqda AOKAda Soliq qoʻmitasi rahbariyati ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

    Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayevning qayd etishicha, elektron savdo tizimini soliqqa tortish butun dunyoda juda katta muammoga sabab boʻlmoqda.

    “Olingan maʼlumotlarga koʻra, Temu tomonidan taxminan 46 mlrd soʻmlik soliqlar toʻlanmagani aniqlandi. Biz uni hali tekshirganimiz yoʻq, bu dastlabki hisob-kitoblar natijasi. Marketpleysga ushbu soliq toʻlovlari boʻyicha eʼtiroz xati berilgan. Qachon u soliqlarni toʻlasa, biz faoliyatini legallashtirish imkoniyatini yaratib beramiz“, — dedi Mubin Mirzayev.

    Uning soʻzlariga koʻra, hisoblangan soliqlar tekshirilmaganini, soliq qarzdorligi toʻlanmagan holatda, toʻliq tartibda tekshiruv amalga oshirilishini hamda soliq majburiyati bajarilishi yuzasidan alohida maʼlumotlar taqdim etiladi.

    Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekistonda Temu platformasidan foydalanish cheklangandi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech