Muzey fondining asosiy qismi Amir Temur va temuriylar davriga oid qoʻlyozma asarlar, turli davlatlar hukmdorlari bilan olib borilgan yozishmalar, tangalar, sopol va mis buyumlar, meʼmoriy bezak qoplamalari, kitoblar, etnografik buyumlar, yurtimiz rassomlari asarlari kabi nodir eksponatlardan iborat.
Eksponatlarning soni esa 2,5 mingdan oshadi. Ayni paytda muzey zallaridagi “Oʻzbekistonda yozuv madaniyati va tarixi”, “Shohruhiya qalʼa-shahri”, “Xorijdagi merosimiz”, «Amir Temur-Klavixo-Samarqand», «Amir Temur hayotidan lavhalar», “Amir Temur va temuriylar davri - rassomlar nigohida”, “Amir Temur va temuriylar davri tarixi olimlar nazarida” kabi koʻrgazmalarda 1,5 ming eksponat namoyish etilmoqda.