Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi "Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning 12-bandi ijrosi doirasida tayyorlandi.

Mazkur qonun loyihasi fuqarolarning irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy qarashlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy, sinfiy yoki boshqa holatlardan qatʼi nazar, jamiyat hayotining turli sohalarida kamsitilish holatlaridan toʻliq himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan.

Loyihada “kamsitish”, “toʻgʻridan-toʻgʻri, bilvosita va koʻp marta kamsitish”, “kamsitish belgilari” tushunchalarini qonunchilikka kiritish va fuqarolar huquqlarini himoya qilishning usullari va vositalarini takomillashtirish, shuningdek fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha samarali mexanizmlar joriy etish nazarda tutildi.