Bolaligimizda koʻklamning ilk nishonalari — siyrak tortgan qor qoʻynidan qimtinibgina boʻy choʻzayotgan oq, sariq boychechaklarni uzib, suyunchi soʻrab yugurganimizda bobo-buvilarimiz har gal yuz-koʻziga surtib takrorlaydigan aytim edi bu. Biz — bolalar u damda, ehtimol, kattalarning shu kabi bir-biridan qiziq, allaqanday sirli soʻzlari, qoʻshiqlariga, goʻyoki shak-shubhasiz qilinishi lozim boʻlgan muqaddas amrdek bajariladigan xatti- harakatlariga, ularning mazmun-mohiyatiga tushunmagan, anglamagandirmiz. Lekin savqi tabiiy ravishda barchasining tabiat bilan qandaydir uygʻunligini sezar, ularga taqlidan tushunib-tushunmay takrorlab yurardik oʻsha aytimlarni, benihoya tabiiy qabul qilardik.
Umuman, qishning sovuq nafasi asta-sekin chekinib, tabiatda kechadigan oʻzgarishlar, yashillanish insonlar qalbiga ham oʻzgacha taʼsir etadi, goʻyo uzoq oʻtmishdan kelayotgan, tuproq hidiga qorishib ketgan qadimiy bir ohang keza boshlaydi tomirlarimizda. Bahor bilan insonlarning asrlar davomida toʻplangan ruhiy tajribasi, umid va tilaklari, qoʻshiqlariga singib ketgan yashovchan xotirasi ham qayta uygʻongandek boʻladi.
Mavsumiy marosimlar ana shu xotiraning eng qadimiy qatlamlaridan biridir. Yil fasllari almashgani sayin inson ham tabiat bilan birga yashashni, uning havosi bilan nafas olishni oʻrgangan. Dunyoda biror xalq yoʻqki, turli munosabatlar bilan ommaviy bayramlar nishonlanmasin. Bayramlar butun xalq tayyorgarligi bilan oʻtkaziladi. Katta shodiyonalar rejalashtiriladi. Maxsus taomlar pishiriladi, bayram liboslari tikiladi, oʻyin-kulgilar, sayillar, tomoshalar, musobaqalar uyushtiriladi. Shuning uchun milliy bayramlar tizimida xalq tarixi, milliy xususiyatlar haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
Mazkur tasavvurlarni oilaviy, muayyan hudud aholisi oʻrtasidagi marosimlar, qolaversa, milliy urf-odatlar toʻldiradi, mukammallashtiradi. Demak, urf-odat, anʼanalar negizida xalqning tarixiy oʻzligi yashab, avloddan avlodga oʻtib kelar ekan, ularga bot-bot qaytaverishimizda ham ichki bir ruhiy ehtiyoj boʻlsa, ne ajab. Ayni maʼnoda, xalqimizning bir necha ming yillik oʻtmish xotirasini oʻzida jo etgan Navroʻz tantanasi arafasida ushbu bayram bilan, koʻklam bilan bogʻliq mavsumiy marosimlar haqida yana bir bor soʻz yuritishning, oʻylaymizki, ayni vaqti.
Bahoriy marosimlar folklori xalq madaniyatining ayniqsa boy va rang-barang qatlamlaridan biridir. Bu marosimlar orasida “Boychechak xabari” yoki boychechak sayli, “Qozon toʻldi”, Navroʻz sayli, sumalak sayli, lola sayli, “Guli surx” yoki qizil gul sayli, “Shox moylar”, shuningdek, yomgʻir yogʻdirish yoki uni toʻxtatish bilan bogʻliq marosim aytimlari alohida oʻrin egallaydi. “Sust xotin”, “Soʻz xotin”, “Chayla qozoq” kabi marosimlar xalqning tabiat bilan bogʻliq tasavvurlari, ob-havo hodisalarini ramziy tarzda anglashga boʻlgan urinishlarini aks ettiradi. Bularning barchasi xalqning qadimiy dunyoqarashi, mifologik tasavvurlari va tabiat bilan uygʻun hayot tarzining badiiy ifodasidir.
Jumladan, yurtimiz hududida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelingan gul sayillari orasida eng qadimiy va keng tarqalgan marosimlardan biri “Boychechak xabari”dir. Bu marosim tarixan magik xarakterga ega boʻlgan qadimiy udumlardan biri sifatida Navroʻz arafasidagi shodiyonalar qatorida oʻtkazilgan. Baʼzi hududlarda bolalar bir dasta boychechakni uzun yogʻochning uchiga bogʻlab, uni baland koʻtarib, qishloq koʻchalarini aylangan:
Adirlar toʻla chechak,
Biz keldik ucha-ucha,
Boychechagim-boychechak,
Kutib oling, hoy chechak…
Mazkur odat orqali bahorning kelgani, qishning ortga chekingani ramziy tarzda eʼlon qilingan. Qadimiy boychechak marosimlarida qish va koʻklam kurashini ifodalovchi sahnalar ham mavjud boʻlgan. Unda qish va yoz timsollari ramziy jang qilib, aytim-qoʻshiqlar orqali bahslashgan. Bu sahnalarda tabiatdagi fasllar almashinuvi xalqona tasavvurlar vositasida jonlantirilgan. Marosim davomida odamlar Navroʻzga sogʻ-omon yetib kelgani uchun shukrona aytib, bir-birlariga ezgu tilaklar bildirgan.
Xalq tafakkurining betakror moʻjizalaridan biri boʻlgan Navroʻz bayrami ana shu bahoriy marosimlar tizimining eng ulugʻi sifatida zamonlar osha yashab kelmoqda. Tabiat va jamiyatdagi yangilanishni oʻzida mujassam etgan bu bayram xalqning dunyoqarashi, turmush tarzi, milliy anʼanalari va badiiy tafakkurining eng muhim yutuqlaridan oziqlanib, asrlar davomida boyib, takomillashib borgan. Ayni davrda nafaqat tabiat, balki inson qalbi ham yangilanadi, yasharadi. Shu bois, Navroʻz sayillari xalq qalbiga quvonch, mehr-oqibat va ezgu umidlar baxsh etadigan hayotbaxsh shodiyona sifatida qadrlanadi. Uning mazmuni va tuzilishida ajdodlarimizning qadimgi mifologik tasavvurlari bilan birga zamondoshlarimizning qarashlari ham mujassam boʻlib, keng maʼnaviy qatlamni oʻzida jamlagan.
Bayram kunlari xalq oʻyinlari, koʻpkari, kurash, argʻimchoq uchish, varrak uchirish kabi qadimiy anʼanalar yana jonlanadi. Folklor-etnografik jamoalar, lapar va oʻlan ijrochilari, hunarmandlar koʻrik-tanlovlari, askiyachilar bellashuvlari bayram kayfiyatini yanada boyitadi. Mahallalar obodonchiligi, oilalar farovonligi, mehr-oqibatni targʻib etuvchi turli tanlovlar esa Navroʻz sayillarining ijtimoiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Navroʻz bayramini sumalaksiz tasavvur qilish qiyin. Qadimdan xalqimiz ushbu shodiyonaga tayyorgarlikni maysa undirish va sumalak pishirishdan boshlagan. Ajdodlarimiz Navroʻz oqshomida katta qozonlarda sumalak qaynatib, yangi yil barakali va serhosil boʻlishiga umid bogʻlagan. Sumalak pishirilayotgan davrada onaxonlar qadimiy qoʻshiqlar, bayt va gʻazallar kuylab, bayram fayziga yanada fayz qoʻshgan.
Sumalak bilan bogʻliq marosimlar orasida Amudaryo boʻylarida keng tarqalgan “Ashshadarozi” marosimi alohida eʼtiborga molik. Mazkur marosim Xorazm xalq teatrining qadimiy anʼanalarini oʻrganish jarayonida aniqlangan. Sumalak pishirilayotgan paytda uzun tayoqdan yasalgan qoʻgʻirchoq — Ashshadarozi sahnaga olib chiqilgan. Unga ayol koʻylagi kiygizilib, bosh qismiga roʻmol oʻralgan, boshiga doʻppi qoʻyilgan holda kelinchak timsolida bezatilgan. Ashshadarozini koʻtargan ayol davraga kirib kelganda aytishuv va qoʻshiqlar boshlanib, marosim oʻziga xos xalq tomoshasiga aylangan. Erkakcha kiyingan ayol bilan Ashshadarozining aytishuvi, qoʻshiqlari davra ahliga quvonch bagʻishlagan.
Marosimlarning tub mohiyatida xalqning qadimiy mifologik tasavvurlari, qish va yoz kurashi, tabiatdagi hayot aylanishi haqidagi qarashlarini ilgʻash qiyin emas. Masalan, xalqimizning bahor fasliga bogʻlangan marosimlari orasida qadimdan yashab kelayotgan anʼanalardan biri — halinchak uchish marosimini aytish mumkin. U bahorning quvonchli kayfiyati bilan uygʻunlashgan xalq sayillarining ajralmas qismi sanaladi. Bayram kunlari, ayniqsa, Navroʻz arafasida yoki sayillar davomida qiz-juvonlar bir joyga toʻplanib, bogʻ-rogʻlarga sayrga chiqqan. Daraxtlar, ayniqsa, azim oʻriklarning mustahkam shoxlariga arqon tashlab, ulardan argʻimchoq — halinchaklar yasashgan. Bahorning iliq shabadasi, atrofni qoplagan gul hidlari, qushlarning sayrashi orasida hamma navbati bilan argʻimchoq uchgan.
Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida yashagan Yaxshigul momo Mulla Niyozberdi qizining eslashicha, bu marosimga oddiy oʻyin sifatida qaralmagan. Xalq orasida shunday eʼtiqod mavjud boʻlgan: kim Navroʻz kunlari argʻimchoq uchsa, yil davomida bilib-bilmay qilgan gunohlari goʻyo shu uchish bilan toʻkilib ketadi, inson ruhiy jihatdan yengillik topadi. Shu sababli keksa momolar ham yoshlar bilan birga hazil-huzul aralash argʻimchoqqa chiqqan. Ular “Argʻimchoq uchsak savob boʻladi, ogʻirligimiz yerga toʻkiladi, qushdek yengil boʻlamiz”, deb kulishib, bahoriy shodiyonaga oʻzgacha fayz bagʻishlagan. Nabiralar esa bu manzarani zavq bilan kuzatib, momolarimizning yoshiga yetaylik degan niyatda argʻimchoq iplarini tutib, halinchakni harakatlantirib turgan. Shu tariqa bir qarashda oddiy oʻyindek koʻringan marosim, aslida, avlodlar oʻrtasidagi ruhiy yaqinlikni mustahkamlagan, bahorning quvonchli ruhini birgalikda his etishga xizmat qilgan.
Navroʻz bayrami bilan bogʻliq marosimlar tizimida alohida oʻrin tutadigan sayillardan yana biri — “Qizil gul sayli”. U qadimiy agrar eʼtiqodlar va hosildorlik gʻoyalarini aks ettiradigan umumxalq bayramlaridan. Bahor kelib, qizil gullar ochila boshlagan paytda xalq sayilga chiqib, tabiatning yasharishi va hosilning barakali boʻlishini nishonlagan. Sayil oʻziga xos qoʻshiqlar tizimiga ega boʻlib, unda xalq qoʻshiqchilik sanʼati, raqs, oʻyin folklori, xalq teatri unsurlari, hunarmandlik namoyishlari, turli urf-odat va marosimlar mujassam boʻlgan. Shu bois, bu sayil nafaqat tabiat yangilanishini nishonlash, shu bilan birga, xalqning badiiy didi va ijodiy salohiyatini namoyon etuvchi katta madaniy hodisa hamdir.
Shu maʼnoda, folklorga, xususan, bahoriy aytimlarga ham faqat oʻtmishdan qolgan esdalik oʻlaroq qarash, baho berish notoʻgʻri boʻlardi. Ular, hech shubhasiz, bugungi inson uchun zarur boʻlgan ichki tayanchlardan biridir. Marosimlar, xalq qoʻshiqlari odamlarni gʻayrishuuriy ravishda birlashtiradi. Kim ijro etishidan, kim tinglovchi ekanidan qatʼi nazar, hamma bir xil tuygʻuni boshdan kechiradi. Shu orqali millat oʻzining teran ildizlariga qaytadi, oʻzini, oʻzligini qayta anglaydi. Bugun ularni unutishga, eskilik sarqitidek munosabatda boʻlishga mutlaqo haqqimiz yoʻq. Zotan, suvni muqaddas bilib ulgʻaygan bola unga hech qachon chiqindi tashlamaganidek, ajdodlarning madaniy va maʼnaviy merosidan yaxshi xabardor inson ham aslida kim ekanini aslo unutmaydi.
Asliddin ABDURAZZOQOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri