Chennaydagi xalqaro shaxmat olimpiadasida 14-raqam ostida harakat qilgan Oʻzbekiston terma jamoasining bosh sovrinni qoʻlga kiritishi jahon shaxmatida kuchlar nisbati va dinamikasi oʻzgarganini koʻrsatib bergan edi. Bu safargi musobaqa esa mamlakatimiz mezbonligida oʻtkazilayotgani sababli milliy terma jamoamizga yuklangan masʼuliyat koʻlami ham, unga talab ham oʻzgargan.
Taktik
ustunlikka ega birinchi jamoamiz musobaqani 3-raqam ostida boshladi. Xalqaro
shaxmat federatsiyasi (FIDE) tahlilchilarining Oʻzbekistonni asosiy favoritlar
sirasiga kiritishi jamoaning soʻnggi yillardagi barqaror natijalari hamda
tayyorgarlik darajasi bilan bogʻliq. Samarqandda start olgan ushbu musobaqa
jamoamiz uchun Chennaydagi gʻalabaning tasodifiy emasligini amalda tasdiqlash
va professional mahoratni amaliy sinovdan oʻtkazish bosqichidir.
15-sentyabr
kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlandi. Samarqand xalqaro
turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida olimpiadaning tantanali ochilish
marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla
Aripov ishtirok etib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 46-Butunjahon shaxmat
olimpiadasi ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.
27-sentyabrga
qadar davom etadigan mazkur musobaqa tarixda ilk bor Markaziy Osiyoda
oʻtkazilmoqda. Mezbon sifatida Oʻzbekiston birvarakayiga uchta erkaklar terma
jamoasini — jami 15 shaxmatchini bahslarga tushirdi. Asosiy jamoa 3-raqam
ostida saralandi va yana medallarga daʼvogarlar qatoridan joy oldi. Uning
tarkibida 2022-yilda Chennay olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritgan toʻrt
shaxmatchi bor: Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev va
Shamsiddin Vohidov. Ikkinchi va uchinchi jamoalar safida esa ham tajribali
grossmeysterlar, ham yangi avlod vakillari dona suradi.
Xoʻsh,
nega Oʻzbekistonda uchta jamoa bor? Odatda har bir milliy federatsiya
olimpiadada bitta jamoa bilan qatnashadi. Biroq mezbonlar uchun bu qoidadan
istisno koʻzda tutilgan. FIDE qoidalariga koʻra, musobaqani tashkil etuvchi
federatsiya ikkinchi —
B
jamoasini qoʻyish huquqiga ega. Agar ishtirokchi jamoalarning umumiy soni toq
boʻlib qolsa, mezbonlar uchinchi — C jamoasini ham qoʻshishi mumkin. Agar
uchinchi tarkib birinchi turdayoq oʻynagan boʻlsa, keyinchalik qaysidir
jamoalar musobaqadan chiqib ketishi yoki qoʻshilishidan qatʼi nazar, u turnir
oxirigacha qoladi.
Samarqand
olimpiadasida Oʻzbekiston barcha uch tarkib bilan namoyon boʻldi. Birinchi
terma jamoa saralashda 3-raqamni oldi (jamoaning oʻrtacha reytingi boʻyicha),
Uzbekistan 2 — 31-oʻrinda, Uzbekistan 3 esa 55-oʻrinda qayd etilgan.
Birinchi
terma jamoaning oʻrtacha reytingi — 2720. Sardor — oʻzbek shaxmati afsonasi
Rustam Qosimjonov.
—
Kuchli jamoalar juda koʻp: Polsha, Germaniya, Serbiya, Buyuk Britaniya,
Fransiya, — deydi Rustam Qosimjonov tayyorgarlik jarayoni, doskalar taqsimoti,
raqiblar va terma jamoaning oltin medal olish imkoniyatlari haqida toʻxtalib. —
Osiyo jamoalari ichida odatdagidek Eron jamoasi kuchli. Turkiyaning tarkibi ham
juda yosh va imkoniyatlari yuqori. Anʼanaga koʻra, Ozarbayjon — kuchli jamoa.
Olimpiadalarda odatda Armaniston ham jiddiy raqib hisoblanadi. Bularning
barchasi kuchli uchlik-toʻrtlikka kirmaydigan jamoalar. Ammo ularning bari
nihoyatda kuchli. Bundan tashqari, asosiy “ogʻir vaznlilar” bor. Bu toʻrtlik —
Xitoy, AQSH, Hindiston va Oʻzbekiston. Aslida, turli odamlar ularni turlicha
tartibda baholashadi. Olimpiada hech kim uchun oson boʻlmaydi.
2022-yilgi
olimpiadada Oʻzbekistonga tarixiy oltinni keltirgan beshlikdan Javohir
Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov yana
asosiy tarkibda bahslashmoqda. Oʻsha jamoaning beshinchi aʼzosi Jahongir
Vohidov endilikda Uzbekistan 2 tarkibiga kiritilgan, uning asosiy beshlikdagi
oʻrnini esa 19 yoshli Muhiddin Madaminov egalladi. 2022-yilda Oʻzbekiston
barcha 11 turni jamoaviy magʻlubiyatsiz yakunlagan edi. Ikki yil oʻtib, deyarli
shu tarkibdagi terma jamoa Budapesht olimpiadasining bronza medaliga sazovor
boʻldi. Oʻshanda Shamsiddin Vohidov toʻrtinchi doskada qoʻshimcha ravishda
yakkalik oltin medalini, Nodirbek Abdusattorov esa birinchi doskada kumush
medalni qoʻlga kiritgandi.
Jamoaning
ushbu muvaffaqiyatlari zamirida har bir doska sohibining oʻziga xos oʻyini,
mukammallashib borayotgan taktikasi va oxirgi yillarda erishgan individual
natijalari yotadi. Bu natijalar va oʻsish surʼatini har bir shaxmatchi misolida
alohida koʻrib chiqish mumkin.
Javohir Sindorov:
—
Olimpiya oltinidan keyingi toʻrt yil davomida Sindorov yosh terma jamoaning
navqiron isteʼdodidan jahon chempionligiga rasmiy daʼvogar darajasigacha
boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Tayyorgarligi, xalqaro turnirlardagi ishtiroki hamda
murabbiylar bilan ishlashi uning taktik hushyorligini sovuqqon strategik
aniqlik bilan toʻldirishga xizmat qildi. Har bir partiyada chuqur nazariy
tayyorgarlikni psixologik matonat bilan birlashtirgan shaxmatchi eng hayajonli
lahzalarda ham oʻyin tizginini oʻz qoʻlida ushlab turishni oʻrgandi. Natijada
shaxsiy xarakterdagi bunday sifat oʻzgarishi uni oddiy iqtidorli
grossmeysterdan zamonaviy shaxmat elitasi safida har qanday choʻqqini zabt
etishga qodir yetakchiga aylantirdi.
U
grossmeysterlik unvonini 2018-yildayoq — 12 yoshida qoʻlga kiritib, tarixdagi
eng yosh grossmeysterlardan biriga aylangandi. Shuningdek, Sindorov 2019 va
2021-yillarda ikki karra Oʻzbekiston chempioni boʻlgan. Asosiy yuksalish
2025-yilda yuz berdi. Sindorov Goada oʻtkazilgan FIDE jahon kubogi finalida
xitoylik Vey Ini magʻlub etib, bosh sovrinni qoʻlga kiritdi va turnir
tarixidagi eng yosh gʻolib boʻldi. Yarim finalda esa u terma jamoadagi sherigi Nodirbek
Yoqubboyevdan ustun kelgandi.
Jahon
kubogidagi gʻalaba uni 2026-yilgi nomzodlar turniriga olib chiqdi. U yerda
Sindorov musobaqa tugashiga bir tur qolgandayoq 1-oʻrinni naqd qildi va
amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshga qarshi jahon shaxmat toji uchun
oʻyin oʻtkazish huquqiga ega boʻldi. Sentyabr oyiga kelib, Sindorov oʻz
reytingini 2778 ga yetkazdi va dunyoning eng kuchli shaxmatchilari orasida
4-oʻrinni egallab turibdi.
Nodirbek Abdusattorov:
— 2021-yilning
dekabrida 17 yoshli Abdusattorov rapid boʻyicha jahon chempioni boʻldi. Turnir
davomida u, jumladan, Magnus Karlsenni magʻlub etdi, birinchilik uchun kurashda
esa Karlsen, Fabiano Karuana va Yan Nepomnyaщiyni
ortda qoldirdi. Chempion nomi tay-breykda aniqlandi va unda hamyurtimiz
Nepomnyaщiydan ustun keldi.
Keyingi
yozda Abdusattorov Chennaydagi olimpiadada gʻalaba qozongan terma jamoaning
birinchi doskasida oʻynadi. U 11 ta partiyadan 8,5 ochko jamgʻarib, 2803
koʻrsatkichdagi performans qayd etdi va birinchi doskaning shaxsiy hisobida
kumush medalga ega chiqdi.
2024-yilda
Budapeshtda oʻtgan olimpiadada ham u terma jamoa yetakchisi sifatida musobaqani
bronza bilan yakunlashga yordam berdi va yana shaxsiy kumush medalni oldi.
2026-yil fevralida Abdusattorov dunyoning eng nufuzli turnirlaridan biri —
Veyk-an-Zeedagi Tata Steel Masters musobaqasida bosh sovrinni qoʻlga kiritdi.
Keyinroq u London Chess Classic superturniri va Prague International Chess
Festival da gʻolib chiqdi.
Nodirbek Yoqubboyev:
—
Yoshi 24 da boʻlishiga qaramay, Yoqubboyev hozirgi jamoaning eng tajribali
vakillaridan biri. U 2016, 2018 va 2020 yillarda Oʻzbekiston chempioni boʻlgan,
2025 yilning aprelida esa toʻrtinchi bor mamlakat birinchiligida gʻolib chiqdi.
Soʻnggi chempionat finalida u Ortiq Nigmatovni taslim etgandi.
2022
yilgi olimpiadada Yoqubboyev ikkinchi doskada dona surib, 11 imkoniyatdan 8 ochko
toʻpladi (performans reytingi 2759). Jamoaviy oltin bilan birga u oʻz doskasida
shaxsiy bronza medalni ham qoʻlga kiritdi.
Shaxsiy
turnirlardagi eng yirik natijalaridan biri 2025 yilgi jahon kubogida qayd etildi.
Yoqubboyev yarim finalgacha yetib borib, Sindorov bilan toʻqnashdi. Klassik partiyalar
durang bilan yakunlandi, tay-breykda esa Sindorov ustun keldi. Uchinchi oʻrin uchun
bahsda Yoqubboyev Andrey Yesipenkoga imkoniyatni boy berib, yakunda 206 ishtirokchi
orasida 4-oʻrinni egalladi.
Yaqinda
Toshkentda Yoqubboyev Eron terma jamoasi yetakchisi, dunyoning top 15 taligiga kiruvchi
Amin Tabatabaiy bilan bahsda gʻalaba qozondi. Onlayn reytingda esa u super grossmeysterlik
mezoni boʻlmish 2700 ga yaqinlashib qoldi.
Shamsiddin Vohidov:
—
Vohidov katta sahnada ilk bor oʻsmirlar shaxmatida porlagan: 2015-yilda u 14
yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida jahon chempionligiga erishdi. Oradan uch yil oʻtib,
oʻzbekistonlik 16 yoshli shaxmatchi rapid boʻyicha jahon chempionatida Magnus Karlsenni
dogʻda qoldirdi.
2023
yilda u shaxsiy faoliyatidagi eng katta muvaffaqiyatlardan biriga erishdi: klassik
shaxmat boʻyicha Osiyo chempioni boʻldi. Olmaotadagi musobaqada Vohidov 9 imkoniyatdan
7 ochko jamgʻarib, eng yaqin taʼqibchilarini yarim ochko ortda qoldirgan holda yakkapeshqadam
boʻldi. 2024 yilgi olimpiada esa uning faoliyatidagi eng yorqin musobaqalardan biriga
aylandi. Vohidov Oʻzbekistonga jamoaviy bronzani taqdim etish bilan birga toʻrtinchi
doskada shaxsiy oltin medalni ham qoʻlga kiritdi.
Muhiddin Madaminov:
— Madaminov — terma
jamoa safida kattalar olimpiadasida qatnashmagan yagona shaxmatchi. U
2024-yilda grossmeysterlik unvonini olgan boʻlsa, keyingi ikki mavsum ichida
2600 lik dovonga yaqinlashib keldi. 2023-yildayoq 2431 reytingga ega xalqaro
master boʻlgan Madaminov Osiyo chempionatida 9 partiyadan 6 ochko jamgʻarib,
8-oʻrinni egallagan edi.
Eng
ulkan muvaffaqiyatiga u 2026-yil yozida erishdi. Madaminov UzChess Cup Masters
musobaqasining eng kuchli guruhida zafar quchdi. Toʻqqiz turdan soʻng u Vohidov
bilan 1-oʻrinni boʻlishib oldi, soʻngra tay-breykdagi har ikkala partiyada ham
gʻalaba qozondi. Turnirda Nodirbek Abdusattorov, Arjun Erigaysi, Yan Nepomnyaщiy, Shahriyor Mamedyarov va boshqa mashhur
grossmeysterlar ham bahs olib borgan edi. FIDE bu gʻalabani Madaminov
faoliyatidagi eng katta yutuq deb atadi.
Shuningdek,
u jahon kubogi va nomzodlar turnirida Javohir Sindorovning sekundanti
(grossmeysterning partiyalarga tayyorlanuvchi yordamchisi va tahlilchisi)
sifatida ham ishlagan. Shu tariqa kattalar olimpiadasi tajribasi nuqtayi
nazaridan eng yosh va eng kam tajribaga ega boʻlgan jamoa aʼzosi Samarqanddagi
bahslarga oʻz faoliyatidagi eng yuqori sport natijasi bilan kirib kelmoqda.
Ikkinchi
terma jamoa 2532 oʻrtacha reytingga ega va saralashda 31-oʻrinni egallagan.
Jamoa sardori — Oʻzbekiston shtabidagi eng tajribali mutaxassislardan biri
boʻlgan ukrainalik grossmeyster Pavel Elyanov. Ukraina terma jamoasi tarkibida
u ikki marta — 2004 va 2010-yillarda shaxmat olimpiadasida gʻolib boʻlgan.
Uchinchi
terma jamoaning oʻrtacha reytingi — 2424, saralash raqami — 55. Qozogʻistonlik
grossmeyster Murtas Kajgaleev jamoa sardori sifatida qayd etilgan. Ushbu terma
jamoaning har birida xalqaro yoki oʻsmirlar oʻrtasidagi musobaqalarda qoʻlga
kiritilgan yutuqlar mavjud.
Ayollar
seksiyasida asosiy favoritlar doirasi bir oz boshqacharoq. Birinchi raqam
ostida amaldagi chempion Hindiston qayd etilgan boʻlsa, undan keyin Gruziya,
Xitoy, Qozogʻiston va AQSH bormoqda. Shuningdek, Ukraina va Ozarbayjon terma jamoalariga
qarshi bahslar ham oson kechmaydi.
Ayniqsa,
Qozogʻiston alohida eʼtiborga loyiq. Oʻtgan olimpiadada jamoa kumush medalga
ega chiqib, ayollar turniri tarixidagi ilk medalini qoʻlga kiritgan edi.
Oʻshandan buyon jamoaning yosh yetakchilari yanada kuchaydi, shu bois, ulardan
kamida avvalgi yuqori natijani takrorlashni kutish mumkin. Birinchi doskada
Bibisara Asaubayeva, keyingi doskalarda esa Alua Nurman, Meruyert Kamalidenova,
Elnaz Kaliaxmet va Zarina Nurgaliyeva bahs olib boradi.
Biroq
13-start raqamiga ega Oʻzbekiston birinchi ayollar terma jamoasining ham muhim
oʻrinlar uchun kurashish imkoniyati ancha yuqori. Jamoa safidan Afroʻza
Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufarxon Imomqoʻziyeva va
Guldona Karimova joy olgan.
Birinchi
ayollar terma jamoasiga mamlakatning eng taniqli shaxmatchilaridan biri, koʻp
yillar davomida Oʻzbekiston sharafini xalqaro musobaqalarda himoya qilgan
Nafisa Moʻminova sardor hisoblanadi.
—
Ilgari bunday sharoitlar boʻlmagan, ayni paytda qizlarda toʻlaqonli
tayyorgarlik koʻrish uchun barcha imkoniyatlar va qoʻllab-quvvatlov mavjud, —
deydi Nafisa Moʻminova. — Qizlar stipendiya olmoqda, turnirlardagi ishtiroki,
murabbiylar va jismoniy tayyorgarlik boʻyicha mutaxassis xizmatlari toʻlab
berilyapti. Ularga faqat shaxmatga diqqatni qaratish qoldi, xolos. Bundan
tashqari, tashkiliy tashvishlarning barchasi ularning yelkasidan olindi:
turnirlarga roʻyxatdan oʻtish, chiptalar xarid qilish, yoʻnalishlarni
rejalashtirish, tashkilotchilar bilan muzokaralar oʻtkazish va mehmonxona
topish kabi ishlar bilan maxsus hamrohlik guruhi shugʻullanmoqda. Jamoa uchun
oʻynaganda masʼuliyat ancha yuqori boʻladi. Olimpiadalarda men birinchi
doskalarda oʻynaganman va yetakchi sifatida buni doim juda teran his qilganman.
Asosiysi, oʻz taxtangni mustahkam ushlab turish.
Shaxmat
olimpiadasi — mazkur sport turidagi eng muhim jamoaviy musobaqa. U har ikki
yilda bir marta oʻtkaziladi. Har bir jamoa toʻrt asosiy va bir zaxira
oʻyinchisidan iborat boʻladi.
Vaqt
nazorati dastlabki 40 ta yurish uchun 90 daqiqani tashkil etadi, shundan soʻng
oʻyinchiga yana 30 daqiqa qoʻshib beriladi. Birinchi yurishdan boshlab har bir
amalga oshirilgan yurish uchun 30 soniyadan qoʻshib boriladi. Matchdagi gʻalaba
uchun jamoaga ikki ochko, durang uchun bir ochko beriladi. 11 tur davomida eng
koʻp match ochkosi jamgʻargan jamoa gʻolib deb topiladi. Ochkolar teng kelib
qolgan taqdirda qoʻshimcha koʻrsatkichlar tizimi ishga tushadi — Berger
koeffitsiyenti (raqiblar toʻplagan ochkolar miqdori) hamda jamoaning har bir
aʼzosi toʻplagan individual ochkolar yigʻindisi hisobga olinadi.
Bundan
oldin Samarqand rapid va blis boʻyicha jahon chempionati hamda Grand Swiss
turniriga mezbonlik qilgan, biroq olimpiada koʻlami jihatidan ushbu yirik
musobaqalardan ham ancha ustun turadi.
Dastlabki
olti tur 16-sentyabrdan 21-sentyabrga qadar har kuni soat 15:00 da boshlanadi.
23-sentyabrdan 26-sentyabrgacha 7-turdan 10-turgacha boʻlgan bahslar
oʻtkaziladi. Soʻnggi, hal qiluvchi 11-tur esa 27-sentyabr kuni boʻlib oʻtadi va
odatdagidan ertaroq — soat 11:00 da boshlanadi.
Ayni
kunlarda Samarqand oʻzida butunjahon shaxmati energiyasini jamlab, global
aql-idrok markaziga aylanmoqda. Allaqachon bu yerda nogironligi boʻlgan
insonlar oʻrtasidagi uchinchi FIDE olimpiadasi rekord darajadagi 41 ta jamoa ishtirokida
oʻtkazilmoqda. Asosiy olimpiada kunlarida FIDE kongressi va saylovi,
24-sentyabrda esa shaxmat taʼlimiga bagʻishlangan sammit ham tashkil etiladi.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri