Xoʻsh, viloyatdagi prokuratura, ichki ishlar idoralari tergovchilari bu vazifani nechogʻlik uddalashyapti?
Yaqinda Samarqand viloyat prokuraturasida “Tergovchi faoliyati qonun va mamlakatdagi islohotlar talablariga mos boʻlishi kerak” shiori ostida oʻtkazilgan seminarda ushbu masala tahlil qilindi.
Seminarda Oliy Majlis Senati aʼzosi Farmon Toshev soʻzga chiqib, tergov natijasi jamiyatda adolat barqaror boʻlishiga xizmat qilishi, tergovchi puxta huquqiy, siyosiy bilimga ega boʻlishi, ishni atrofdagi oʻzgarishlar talabi asosida yuritishi, oʻz bilimini oshirib berishi zarurligini taʼkidladi.

Bundan tashqari, tergovchilarga allomalarimizning “Ikkala tomonni ham eshitmasdan qaror qabul qilgan kimsa, agar uning qarori adolatli boʻlsa-da, u adolatsizlik qilgan boʻladi” degan soʻzini shior sifatida ishlatishlarini tavsiya qildi.
Seminarda tergov ishlarining sifati advokatlar bilan hamkorlik qilishiga nechogʻlik bogʻliqligi, advokat talablari oʻrganilayotgan ishda notoʻgʻri xulosa chiqarishning oldini olishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, tergovchilarning faoliyati tahlil qilindi. Tergov jarayonida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, ularning sabablari haqida fikr yuritildi.