Termitlarning Oʻzbekiston faunasi uchun yangi turi aniqlandi

    Fan 1 Noyabr 2024 721

    Olimlarning tahlillariga koʻra, Oʻzbekiston faunasida ilk bor qayd etilgan mazkur termit turi Shimoliy Turkmanistondan Janubiy Oʻzbekistonga tabiiy ravishda kirib kelgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti huzuridagi Respublika termitlarga qarshi kurashish ilmiy-ishlab chiqarish markazi olimlari tomonidan ilk bor Oʻzbekiston faunasi uchun Blattodea turkumi, Termitidae oilasi, Amitermes avlodiga mansub Amitermes rhizophagus yangi termit turi aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Termitidae oilasi vakillari faqat Oʻrta Osiyoda — Turkmanistonda tarqalgan.

    Mazkur tur respublikamizning janubida Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Vori qishlogʻida aholi turar joylari va ularga tutash hududlarning yogʻoch konstruksiyalarini termitlar bilan zararlanish holatini aniqlash yuzasidan monitoring tadqiqot ishlari jarayonida aniqlandi.

    Termitlar jamoasi kesilgan chinor oʻsimligining ildiz oldi qismida yuqori namlikka ega boʻlgan chirigan yogʻoch poʻstloq ostida qayd etildi. Aniqlangan termitlar 1500 tani tashkil etib, 50 nafar nimfa, 35 nafar askar, 1415 nafar ishchi termit tabaqalaridan iborat ekanligi tasdiqlandi. Yigʻilgan namunalar orasida qanotli tabaqalari uchratilmadi. Amitermes rhizophagus termit turi tarqalgan joyda termitlarning uya va ozuqa kameralari, shuningdek, loy -suvoqlar qayd etilmadi.

    Olimlarning tahlillariga koʻra, Oʻzbekiston faunasida ilk bor qayd etilgan mazkur termit turi Shimoliy Turkmanistondan Janubiy Oʻzbekistonga tabiiy ravishda kirib kelgan.