Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Afgʻoniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Gʻani Barodar, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Shaxin Mustafayev, Qirgʻiz Respublikasi iqtisodiyot va savdo vazirining oʻrinbosari Nazarbek Malayev, Qozogʻiston Respublikasi savdo va integratsiya vazirining oʻrinbosari Qayrat Torebayev va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mintaqadagi barcha davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi.
Qayd etilganidek,qulay ishbilarmonlik muhiti va logistikani yaratish, maʼmuriy tartib-taomillarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun zarur sharoit yaratish maqsadida “Termiz xalqaro savdo markazi” barpo etildi.
Mazkur Markaz mintaqamizda savdo aloqalarini kengaytirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirildi.
Shuningdek, Markazda Afgʻoniston fuqarolariga savdo-sotiq qilishlari, taʼlim, tibbiyot hamda boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida soʻz yuritildi.
Ramziy tasma kesilib, Markaz rasman ochilganidan soʻng, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Qozogʻiston Qirgʻiziston va boshqa mamlakat diplomatik korpus vakillari “Termiz xalqaro savdo markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Oʻzbekiston Bosh vaziri Termiz shahrida Afgʻoniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Gʻani Barodar hamda Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Shaxin Mustafayev bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.