Oflayn va onlayn ravishda uyushtirilgan mazkur anjumanda Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Oʻzbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov, Madaniy meros agentligi direktori Shahriyor Nurulloyev, Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari Joʻrabek Toʻrayev, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Valeriy Tyan, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Toda Shinsuke, Kato Kyudzoning rafiqasi Sadako xonim, “Yaponiya-Oʻzbekiston” assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari Fumixiko Kato hamda ikki davlatning qadimshunos, tarixchi va sanʼatshunos olimlari, ilmiy tadqiqotchilari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar.
Xalqaro konferensiyani Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochdi va ishtirokchilarni ushbu nufuzli anjuman bilan tabrikladi. U oʻtmishda buddaviylik dini shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan qadim Surxon diyorini oʻrganishga oʻz hayotini bagʻishlagan ulugʻ olim Kyudzo Katoning samarali mehnati va oʻzbek-yapon doʻstlik, oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdagi beqiyos xizmatlari haqida atroflicha fikr yuritdi.
Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov oʻz nutqida Oʻzbekistonning tarixini ommalashtirish, mamlakatimizda arxeologiya fanini rivojlantirishda professor Katoning xizmati beqiyos ekanligini eʼtirof etgani barpobarida u Oʻzbekistonning haqiqiy doʻsti boʻlganligini ham alohida taʼkidladi.
Shuningdek, soʻnggi yillarda dunyodagi koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq vaziyat tufayli yurtimizda yapon olimlari tomonidan arxeologik oʻrganishlar va qazishmalarni amalga oshirish jarayoni toʻxtab qolganligi hamda Ivamoto Asushi, Furusho Xiroaki, Yasuda Xaruki, Kavasaki Kenzo va boshqa yapon olimlari yordamida marhum professor Kyudzo Kato boshlagan arxeologik qazilma ishlari qayta tiklanishiga umid bildirildi.
Elchixona tomonidan qoʻshma arxeologik qazishmalar va ilmiy tadqiqotlar olib boradigan baza sifatida xizmat qiladigan Markaziy Osiyo buddaviylik merosini oʻrganish markazini tashkil etish hamda professor Kato nomini abadiylashtirish maqsadida uning yurtimizdagi faoliyati toʻgʻrisida hujjatli filmni suratga olish tashabbusi ilgari surildi.
Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Toda Shinsuke Kato Kyudzoning ikki davlat oʻrtasidagi madaniy va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi hissasi katta ekanligini taʼkidlar ekan, hukumatimiz tomonidan uning xotirasini abadiylashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u Kunchiqar mamlakat tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayashining yurtimizga yaqinda buyurgan tashrifi soʻnggi 12 yil ichida ilk marotaba amalga oshirilganini va bu tadbir Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga toʻgʻri kelgani juda ahamiyatli boʻlganligini alohida qayd etdi.
“Yaponiya-Oʻzbekiston” assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi Kato Fumixiko ham ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda professor Katoning xizmati beqiyosligi, xususan u ilmiy hamkorlik va doʻstlik rishtalarini mustahkamlash timsoli boʻlib qolganini taʼkidladi.
Shu bilan birga, Kato Kyudzo 30 yildan ortiq faoliyati mobaynida nafaqat ilmiy hamkorlikni kengaytirgani, balki mahalliy aholi bilan doʻstlik rishtalarini mustahkamlagani, shu bois yaponiyalik olimning oʻzbek doʻstlari uni mehr bilan “domla” deb ataganliklarini yodga oldi.
Marhumning rafiqasi Kato Sadako turmush oʻrtogʻini xotirlar ekan, yuqori darajadagi shunday tadbir tashkil etilganligi uchun minnatdorlik bildirdi. U Kato Kyudzo umrining aksar qismini Oʻzbekistonda arxeologik qazishmalar va oʻrganishlarni amalga oshirishga sarflagani va bu jarayonga butun borligʻini berib, zavq bilan ishlagani hamda oʻzining sevimli yurti – Oʻzbekistonda vafot etganini aytdi.
Shuningdek, Konferensiyada Nagoya universitetining Oʻzbekistondagi vakili Imamura Yeiichi, Sharq falsafasi instituti nashriyot boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Kavasaki Kenzo, Oʻzbekiston Milliy universiteti professori Rustam Sulaymonov, Sanʼatshunoslik instituti falsafa doktori A.Oʻlmasov, tarix fanlari nomzodi T.Annayev va boshqa ilmiy tadqiqotchilar oʻz maʼruzalari bilan qatnashdilar. Ular tomonidan ham Kato Kyudzoning ibratli hayot yoʻli, Surxon vohasi bilan chambarchas bogʻlangan taqdiri va ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari xotirlandi.