Yangi avtoshohbekat qurilishiga start berilishi tadbirida Surxondaryo viloyati hokimi, Termiz tumani hokimi, viloyat Transport boshqarmasi boshligʻi hamda sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Shu yerning oʻzida yangi avtoshohbekat imkoniyatlari taqdimoti oʻtkazildi.
Mazkur avtoshohbekat bir vaqtning oʻzida 950-1000 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlib, bekat ishga tushishi bilan M-41 xalqaro avtomagistral yoʻli yoʻnalishidagi 7 ta tuman aholisi uchun transport xizmatlari koʻrsatish yanada kengayadi. Bu esa Termiz shahriga kirish-chiqish jarayonlarini osonlashtirib, yangi yoʻnalishlar tashkil etilishiga xizmat qiladi.
Bunday loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat transport xizmatlari rivojlanishiga, balki viloyatning umumiy ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilashga ham zamin yaratadi. Zamonaviy avtoshohbekat faqatgina Termiz shahrini emas, balki butun Surxondaryo viloyati uchun muhim infratuzilma obyekti hisoblanadi.