Termizda fuqaro bog'idan oltin dinor topildi

    Oltin dinorning og'irligi 1,92 grammni tashkil qilgan.

    Termiz tumani Do'stlik mahallasida yashovchi Ulkan Eraliyev bog'ni sug'orish chog'ida yerdan sariq metall parchasini topib, Termiz arxeologiya muzeyiga murojaat qildi. Muzey va viloyat madaniy meros boshqarmasi xodimlaridan iborat guruh topilma aniqlangan joyga borib, qazilma maydonida dastlabki ish jarayoni olib bordi. Kulolchilik buyumlari parchalari qoraxoniylar va saljuqiylar davriga oid bo'lgan.

    Ulkan Eraliyev qimmatbaho topilmani belgilangan tartibda Termiz arxeologiya muzeyiga topshirdi, shundan so'ng unga amaldagi qoidalarda belgilangan haq to'lab berildi.

    Muzey direktori boshchiligidagi muzey mutaxassislari va numizmatlari tomonidan qimmatbaho topilma dastlabki ekspertizadan o'tkazildi.

    “Oltin dinorning old tomonida muzey numizmati doktoranti Mansur Normo'minov “Alloh” va “Muhammad” so'zlarini, shuningdek, arab alifbosining ayrim harflarini o'qishga muvaffaq bo'ldi. Tanganing orqa tomonidagi matn deyarli o'chib ketgan. Shikastlangan, lekin yaxshi saqlanib qolgan tanga — oltin dinorning og'irligi 1,92 grammni tashkil qilgan. Ma'lumki, musulmon mamlakatlarida tilla tangalar “dinor”, kumush tangalar “dirham” deb atalar edi, – deydi Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Tursunali Kuziyev.

    Ma'lumot uchun, bu yil Termiz arxeologiya muzeyi ochilganiga 20 yil to'ladi. 20 yil davomida bu muzeyda birorta ham tilla tanga bo'lmagan.