Termizda harbiy xizmatchilarga yangi uy-joylar berildi

    Harbiy 13 Yanvar 2021 1283

    Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 29 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni oldidan 30 xonadondan iborat 5 qavatli yangi uy oʻz egalariga topshirildi.

    Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimining oʻrinbosarlari Ahmad Suvonqulov, Chori Begimqulov, Janubiy operativ qoʻmondonlik boshligʻi, polkovnik Qodirjon Tursunov, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Yangi uyda barcha shart-sharoit yaratilgan boʻlib, bolalar uchun oʻyin maydonchalari, hovli shiyponi va savdo doʻkoni barpo etilgan. Qurilish ishlari “Farovon invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi.

    Yaratilayotgan qulay imkoniyatlar harbiy xizmatchilarimizni xalqimizning tinch va osuda hayotini taʼminlashda, davlatimizning taqdiri va kelajagi uchun fidoyi boʻlishga undaydi.