Termizda navbatdagi Oʻzbekiston-Hindiston qoʻshma harbiy mashgʻulotlari boshlanadi

    Bugun Oʻzbekiston va Hindiston Mudofaa vazirliklari boʻlinmalari oʻrtasida “Termiz” harbiy poligonida “Doʻstlik” qoʻshma harbiy oʻquv mashgʻulotlarining beshinchi davrasi boshlanmoqda.

    Bu ikki davlat oʻrtasidagi beshinchi harbiy mashgʻulot boʻlmoqda. 2019-yildan buyon shu paytgacha “Doʻstlik” mashgʻulotlari har ikki davlatda ikki martadan oʻtkazilgan.

    Avvalgilaridan farqli ravishda navbatdagi qoʻshma tadbirda tomonlarning 60 nafardan harbiy xizmatchisi ishtirok etmoqda. Shuningdek, quruqlikdagi qoʻshinlar vakillariga harbiy havo kuchlari mutaxassislari ham qoʻshilgan.

    Mashgʻulotlarda harbiy boʻlinmalar oʻrtasida terrorizmga qarshi birgalikda kurashish va boshqa operatsiyalarni amalga oshirishda muvofiqlashtirilgan harakatlar va jipslikni oshirishga asosiy eʼtibor qaratiladi.

    Ikki davlat mudofaa idoralari oʻrtasidagi hamkorlik rejasiga muvofiq tashkil etilgan mashgʻulotlar 28-aprelgacha davom etadi.