Termizda Prezident maktabi o'z faoliyatini boshladi

    1-noyabr kuni Termiz shahrida Prezident ta'lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Prezident maktabida yangi o'quv yiliga start berildi.

    Tadbir avvalida Agentlik rahbari Hilola Umarova so'zga chiqib, o'quvchilarni yangi o'quv yili bilan tabrikladi:

    — Sifatli ta'lim va malakali kadrlar mamlakatning rivoj topishidagi eng muhim omil hisoblanadi. Umid qilamaki, bugun mening qarshimda turgan siz yoshlar ertaga yurtimiz taraqqiyotining yangi davrini boshlab berasiz. Hammangizga bu yo'lda zafar yor bo'lsin!

    Mamlakat taraqqiyoti ko'p jihatdan iste'dodli bolalarni tanlash, ularga to'g'ri yo'nalish berish, qobiliyatini o'stirish, intellektual salohiyatini namoyon etishga ko'mak berishga bog'liq. Ana shu ezgu maqsad bilan Termiz shahrida tashkil etilgan Prezident maktabida o'quvchilarning ham akademik salohiyatini o'stirish, ham ularning ijtimoiy faolligini oshirish, etakchilik ko'nikmasi, notiqlik san'atini rivojlantirish, olingan bilimlarni amaliyotda qo'llash malakasini oshirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish, hayotga qat'iy ishonch va qarashlarini shakllantirishga e'tibor qaratiladi.

    Iqtidorli bolalarni aniqlash, ta'lim jarayoniga ilg'or texnologiyalar, uslublar va xorij tajribasini keng joriy etish, ularni o'qitish va tarbiyalashda yaxlit tizim yaratish, iste'dodli yoshlarni yanada qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish ertaga yurt koriga yaraydigan barkamol farzandlarning voyaga etishiga zamin yaratadi.