Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Surxondaryo viloyati Termiz tumani mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi masʼul xodimlari tomonidan tumandagi “Orol” mahallasi At-Termiziy koʻchasi 48-uyda yashovchi fuqaro Guliston Mahkamovaning murojaati joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

U oʻz murojaatida qizi ishsizligi sababli oilaviy sharoiti ogʻirligi, uy-joyga muhtojligi, “Obod qishloq” Davlat dasturi boʻyicha mahalladagi Mahtumquli koʻchasi toʻliq taʼmirlanmaganligi, hududga tortib kelingan internet tarmogʻi ishlamayotganligini bayon etgan.

Oʻrganishlar davomida fuqaro G. Mahkamova va qizi Fotima Joʻrayevaning bandligini taʼminlash maqsadida oʻz uyida 1 dona gilam toʻqish uskunasi oʻrnatilib, zarur xom-ashyolar yetkazib berilishi, tayyorlangan mahsulotlarni hududiy tadbirkorlar tomonidan sotib olinishi, shuningdek, oila vakillari toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgandan soʻng davolanishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berilishi, kelgusida uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha tegishli choralar koʻrilishi maʼlum qilindi.

“Orol” mahallasidagi koʻchalarni taʼmirlanishi boʻyicha quyidagilar aniqlandi.

Ushbu mahalla “Obod qishloq” Davlat dasturiga tushmagan boʻlsa-da, 2021-yilda Termiz tuman hokimligi tomonidan hashar yoʻli bilan mahalladagi 2400 metr va dastur asosida 1 km. yoʻllarga qum-shagʻal yotqizilgan. Qolaversa, A.Navoiy koʻchasining 700 metr qismi asfaltlangan.

Joriy yilning birinchi choragida Maxtumquli 1-tor koʻchasining 685 metri, Maxtumquli 2-tor koʻchasining 135 metri, At-Termiziy 3-tor koʻchasining 696 metri, jami 1 516 metr qismiga qum-shagʻal yotqizish ishlari rejalashtirilgan.

“Orol” mahallasiga tortilgan internet tarmogʻi ishlamasligi xususida quyidagilar maʼlum qilinadi.

Mahalladagi 115 ta aholi xonadoni va 9 ta davlat obyektlari GRON texnologiyasiga asosan internet tarmogʻiga ulangan. NGN texnologiyasiga asosan MSAN 96-mini stansiyasidan 50 dona telefon, 32 dona xonadon internet tarmogʻiga ulangan. Internet tarmogʻi ishlab turgan hududlargacha optik tolali kabel tortilgan, masofasi markaziy ATSdan 8 kilometrni tashkil qiladi.

Kelgusida internet tarmogʻini oʻtkazish boʻyicha fuqarolar tomonidan murojaatlar bildirilsa, kompaniyaning 2021-yil 20-dekabrdagi 491-sonli buyrugʻiga asosan tegishli taʼriflar boʻyicha shartnoma qilinib, ushbu hududlarga internet tarmogʻi oʻtkazib beriladi, deb xabar bermoqda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati.