Terrorizmga qarshi kurash va mintaqaviy hamkorlik
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida taʼkidlaganidek, “Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida tub oʻzgarishlar yuz bermoqda. Biz mintaqa davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhitini yaratishga erishdik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam oʻtkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari umumiy yutugʻimiz boʻldi”.
Davlatimiz rahbari BMT minbaridan soʻzlagan ushbu nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni taʼminlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilayotgani haqida soʻz yuritar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global aksilterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini eʼtirof etdi.
Oʻz navbatida, Prezidentimiz: «Biz ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazish tarafdorimiz», deb taʼkidladi.
Boʻlajak Toshkent xalqaro anjumani Oʻzbekiston Prezidentining ayni shu tashabbusi doirasida tashkil etilmoqda. Konferensiyaning BMT shafeligida, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ishtirokida oʻtkazilayotgani Oʻzbekiston olib borayotgan siyosat va uning jahon minbarlaridan eʼlon qilingan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng hamda qatʼiy qoʻllab-quvvatlanayotganini koʻrsatadi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo hududi mintaqaviy rivojlanishning barcha jihatlariga – siyosat va iqtisodiyot, ekologiya va madaniy-gumanitar mezonlarga taʼsir koʻrsatuvchi jiddiy geosiyosiy oʻzgarishlar davrini bosib oʻtmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida qayd etganidek, “Markaziy Osiyo geostrategik joylashuviga koʻra, ming yillar davomida jahon miqyosidagi jarayonlar markazida boʻlib kelgan. Bizning mintaqamiz doimo oʻzining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʻlaydigan noyob koʻprik boʻlib xizmat qilgan”.
Bunday yondashuv mintaqaning yalpi siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar manzarasiga ijobiy taʼsir koʻrsatmay qolmadi. Ushbu siyosat asosini “Markaziy Osiyoni xavfsizlik, izchillik va barqaror rivojlanish mintaqasiga aylantirish ustuvorligi” tashkil etadi. Hozirgi paytda mintaqamizda, koronavirus pandemiyasining oqibatlariga qaramay, hamkorlikning chuqurlashuvi boʻyicha barqaror tendensiya kuzatilmoqda.
Global aksilterror strategiyasi va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi
BMTning 2006-yil 8-sentyabrda qabul qilingan Global aksilterror strategiyasining toʻrtta asosiy qismidan bittasi inson huquqlari mavzusiga bagʻishlangan. Ushbu boʻlim “Inson huquqlarining umumjahon miqyosida hurmat qilinishi va qonun ustuvorligini terrorizmga qarshi kurashning asosiy tayanchi sifatida taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar” deb nomlanganini qayd etish lozim.
Global aksilterror strategiyasida eʼtirof etilganidek, terrorizmga qarshi kurashish va inson huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshiriladigan taʼsirchan chora-tadbirlarning biri boshqasini aslo inkor etmaydi. Aksincha, ular oʻzaro bir-birini toʻldirib, terrorizm jabrdiydalarining huquqlarini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish uchun nihoyatda zarur hisoblanadi.
Shuni ham taʼkidlash kerakki, «2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi»dagi oltinchi ustuvor yoʻnalish “Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish” deb nomlangani bejiz emas.
Ayniqsa, ushbu ustuvor yoʻnalishning “Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish” sarlavhali 82-maqsadi muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi vaqtda Taraqqiyot strategiyasi doirasida, jumladan:
- ekstremizm va terrorizmni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni takomillashtirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, yot gʻoyalar taʼsirining oldini olish va bunday taʼsirga tushib qolganlar bilan tizimli ishlash orqali ularning muammolarini bartaraf etish;
- aholi, ayniqsa yosh avlodda terrorizm va ekstremizm mafkurasiga qarshi qatʼiy va barqaror immunitetni shakllantirish;
- ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning xalqaro-huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda xorijiy davlatlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish;
- diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, shuningdek, chet elga uzoq vaqtga ketayotgan hamda yashab kelayotgan fuqarolar bilan shugʻullanuvchi boshqa idoralarning kadrlar salohiyati va resurslarini mustahkamlash;
- xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida axborot hamda tajriba almashish;
- faoliyati ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda faol ishtirok etish;
- Markaziy Osiyoda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikdagi saʼy-harakatlarni birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida muvofiqlashtirish;
- Markaziy Osiyoda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha birgalikdagi ishlar doirasida axborot almashinuvi va hamkorlikni rivojlantirishga yordam beruvchi xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishda Oʻzbekistonning rolini kengaytirish;
- dunyo hamjamiyati va mintaqaviy tashkilotlar eʼtiborini Afgʻonistonda tinchlik va hamjihatlikni taʼminlashga jalb qilish borasidagi tashabbuslarni jadallashtirish va ushbu mamlakatni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga, shu jumladan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga jalb qilish kabi muhim masalalar doirasida izchil ishlar boshlab yuborilgan.
Xalqaro konferensiyada inson huquqlari masalalariga katta eʼtibor qaratilayotgani, taʼbir joiz boʻlsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili bilan oʻzaro uygʻun va hamohangdir. Buni anjuman doirasida “Inson huquqlarining umumjahon miqyosida hurmat qilinishi va qonun ustuvorligi taʼminlanishi – terrorizmga qarshi kurashning asosiy tayanchi” mavzusi alohida sessiya majlisida muhokama qilinishi koʻzda tutilayotgani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Mamlakatimiz BMTning Global aksilterror strategiyasini qoʻllab-quvvatlagan, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokolni ratifikatsiya qilgan.
Bundan tashqari, bu borada mamlakatimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”, “Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
BMT va Oʻzbekiston: terrorizmga qarshi kurash va inson huquqlari sohasida hamkorlik
2021-yil 16-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida “Terrorizm va inson huquqlari” nomli 76/169-sonli rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiyada terrorizm hamda terrorizm uchun sharoit yaratadigan zoʻravonlik ekstremizmining barcha xurujlari, usul va amaliyotlari, qaysi shakl va koʻrinishda yuz berishi, qayerda va kim tomonidan sodir etilishi, qanday motivatsiya yo moliyaviy, moddiy yoki siyosiy qoʻllab-quvvatlash negizida sodir etilishidan qatʼi nazar, xalqaro huquqqa mutlaqo mos kelmaydigan xatti-harakat sifatida soʻzsiz qoralanishi taʼkidlangan.
BMT Bosh Assambleyasining Rezolyutsiyasida, shuningdek, terrorizm hamda terrorizm uchun sharoit yaratadigan zoʻravonlik ekstremizmi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini toʻla roʻyobga chiqarishga gʻov boʻlishiga eʼtibor qaratilgan. Bu salbiy omillar tufayli esa, bir tomondan, insonning siyosiy, shaxsiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini amalga oshirish yoʻlida toʻsiqlar yuzaga kelsa, ikkinchi tomondan, davlatlarning hududiy yaxlitligi va xavfsizligi, hukumatlarning barqarorligi, huquq va demokratiyaning ustuvorligi, yanada tashvishlanarlisi, dunyoda farovon jamiyatlar, xalqaro tinchlik hamda xavfsizlikning mavjudligi ulkan tahdid ostida qoladi.
Bundan tashqari, 76/169-sonli rezolyutsiyada barcha davlatlar hukumatlaridan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisiga uning zimmasiga yuklangan vazifa hamda majburiyatlarini bajarishida har tomonlama yordam koʻrsatishi soʻralgan.
Shu oʻrinda BMT Maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolaynning mamlakatimizga 2021-yil 28-noyabr – 7-dekabr kunlari amalga oshirgan tashrifi davomida Oʻzbekiston tomoni u bilan yaqin hamkorlikda ish olib borgani haqida muxtasar toʻxtalish maqsadga muvofiqdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Maxsus maʼruzachisi F.Ni Aolaynni qabul qildi. Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning BMT organlari va huquqni himoya qilish institutlari bilan sherikligini mustahkamlashga qaratilgan qator qoʻshma xalqaro tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.
BMT Maxsus maʼruzachisi Oʻzbekiston Prezidenti bilan muloqoti, shuningdek keng jamoatchilik ishtirokidagi matbuot anjumani va brifinglarda ham Oʻzbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi.
F.Ni Aolayn Suriya, Iroq va Afgʻonistondan qaytib kelgan shaxslarning reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi. Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi mazkur maskanda oʻz vaqtida “qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
«Oila birligi va jamiyatning qoʻllab-quvvatlashiga asoslangan oʻzbek modeli repatriatsiya qilish, bolaning manfaatini koʻzlash va siyosiy, huquqiy va ijtimoiy harakatlar markazida oʻchoqli hududlardan qaytgan ayollarni samarali reintegratsiya qilish boʻyicha eng yaxshi amaliyot namunasidir», — dedi BMT Maxsus maʼruzachisi.
Jahon hamjamiyati va Oʻzbekistonning “Mehr” operatsiyasi
Maʼlumki, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 47-sessiyasi doirasida 2021-yil 5-iyul kuni «Suriya va Iroqdan olib kelingan ayollar va bolalarning reabilitatsiyasi hamda reintegratsiyasi» mavzusida tashkil etilgan onlayn-tadbirda Oʻzbekiston vakillari ishtirok etdi. Mazkur seminarda Suriyaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan “Al-Hol” va «Roj» lagerlarida qariyb 70 ming inson – 57 davlat fuqarolari hisoblanuvchi asosan ayollar va bolalar ogʻir ahvolda saqlanayotgani tashvish bilan qayd etildi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, 2019-yildan buyon Oʻzbekiston Suriya, Iroq va Afgʻonistondagi ayollar va bolalarni qaytarish boʻyicha beshta “Mehr” operatsiyasini oʻtkazdi. Mojaroli hududlardan mamlakatga jami 531 nafar kishi olib kelindi.
Jahon hamjamiyati Oʻzbekistonning oʻz fuqarolarini mojaro zonalaridan, shu jumladan Iroq va Suriyadan vataniga qaytarish va reintegratsiyasi boʻyicha harakatlarini olqishladi. Bunday saʼy-harakatlarda Oʻzbekiston kabi faollik koʻrsatgan mamlakatlar kam ekani eʼtirof etildi.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, bu saʼy-harakatlar bolalarni jabrlanuvchilar sifatida tan olishga hamda bolalar va ayollar uchun gender masalalari inobatga olingan hamjamiyatlar darajasidagi reintegratsiya dasturlari yordamida ularning shaxsiy manfaatlarini himoya qilish zarurligiga asoslangani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Yanada muhimi, kuchli texnik yordam koʻrsatish va inson salohiyatini kuchaytirish orqali amalga oshirilgan ushbu saʼy-harakatlar inson huquqlarini amalga oshirish, demokratiyani rivojlantirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Vataniga qaytib kelgan bolalar, ayollar va oilalarning jamiyatga qaytadan integratsiyalashuvi, bir tomondan, ularning ijtimoiy jihatdan yakkalanib qolishiga barham bersa, ikkinchi tomondan, jamiyatda kambagʻallikni kamaytirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi.
BMT Maxsus maʼruzachisi F.Ni Aolayn terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi yangi yondashuvlarni alohida qayd etdi. Binobarin, Oʻzbekiston xalqaro maydonda terrorizmga qarshi kurashda faol ishtirok etmoqda. Xalqaro aksilterror koalitsiyalar faoliyatini izchil qoʻllab-quvvatlamoqda. Xususan, mamlakatimiz BMT Aksilterror qoʻmitasi va MDH Aksilterror markazi faoliyatida qatnashib keladi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent xalqaro konferensiyasida BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligining noyob tajribasi taqdim etiladi.
Shuningdek, anjumanda terrorizmga qarshi kurash borasidagi xalqaro va mintaqaviy saʼy-harakatlarni birlashtirishda BMTning rolini kengaytirish va davlatlar salohiyatini mustahkamlash, ushbu murakkab jarayonlarda inson huquqlari va qonun ustuvorligini taʼminlash istiqbollari keng muhokama qilinishi kutilmoqda.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori.