“Hudud24.uz” kolumnisti Dilmurod Rajabboyev abiturientlar OTMlarga o'qishga kirish uchun test sinovlari topshiradigan vaqtda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan 5 ta savolga javoblar tayyorladi.
- Testga kirishda o'zi bilan qanday hujjatlarni olish kerak?
Abiturient test kuni binoga soat 07:30 (ikkinchi smena soat 14:30) gacha abiturient ruxsatnomasi va pasporti bilan kirishi kerak. Bunda abiturient shaxsni aniqlash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali tekshiriladi.
- Test varaqasida nuqson bo'lsa (masalan, matn to'liq bosilmagan, varoq tushib qolgan va h.k.) nima qilish kerak?
Abiturient test materiallarida nuqson aniqlasa, darhol guruh nazoratchisiga xabar berishi kerak. Nazoratchi test kitobining birinchi betiga “nuqsonli” deb yozib abiturientga boshqa test beradi.
- Javobni belgilashda ruchka ham ahamiyatlimi?
Abiturient quyidagilar uchun shaxsan javobgar:
- javoblarni havo rang pastali sharikli ruchkabilan yozish;
- javoblar varaqasini bukmaslik, marker chizig'iga yozmaslik, javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni bo'yamaslik;
- javoblar varaqasini to'g'ri to'ldirish;
- test kitobini va javoblar varaqasini o'z vaqtida guruh nazoratchisiga topshirish.
Abiturient har bir testga faqat bitta javob belgilashi shart.
- Qaysi holatlarda test uchun ball berilmaydi?
Javoblar varaqasida bo'yalgan javoblarni o'zgartirish mumkin emas.
Quyidagi holatlarda test uchun ball berilmaydi:
– javoblar varaqasidagi “belgilash uchun namuna” qoidasiga rioya etilmasa;
– javoblar varaqasida doiracha bo'yalmasa;
– ikki va undan ortiq doiracha bo'yalsa;
– doiracha to'liq bo'yalmasa.
Abiturient test vaqtida guruhdan chiqishi taqiqlanadi, testdan chiqqan abiturient qaytadan testga qo'yilmaydi. Zarurat bo'lganda test materiallarisiz, guruh nazoratchisi kuzatuvi ostida guruhdan chiqish mumkin.
- “Shpargalka” uchun qanday jazo bor?
Quyidagi hollarda abiturient testdan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmaydi:
- test o'tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokal`kulyator, lug'at, jadval, kitob, uyali telefon, komp`yuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan bo'lsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa;
- test materiallarini boshqa abiturientga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
- testda bir-biri bilan gaplashsa;
- test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test kitobi varag'ini yirtsa;
- test uchun ajratilgan vaqt tugagandan so'ng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;
- testda videokuzatuvlar orqali abiturientning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.