Test sinovi uchun toʻlov undirilmaydigan abituriyentlar toifasi kengaydi

    Ta'lim 23 Aprel 2022 3223

    2022-yil 1-iyundan boshlab mazkur 2 toifadagi abituriyentlardan ham test sinovi uchun toʻlov undirilmaydi. Bu haqda Davlat test markazi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Prezidentning 2022-yil 20-apreldagi Farmoni bilan quyidagi 2 toifadagi abituriyentlar test sinovi uchun toʻlovdan ozod etildi:

    — “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari;

    — “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar.

    Endilikda 2022-yil 1-iyundan boshlab mazkur 2 toifadagi abituriyentlardan ham test sinovi uchun toʻlov undirilmaydi.

    Maʼlumot uchun, Prezidentning 2019-yil 14-maydagi qaroriga koʻra, test sinovlari tashkil etilayotgan oʻquv yilidan avvalgi yillarda taʼlim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida toʻlov undiriladi.

    Bunda quyidagi toifadagi abituriyentlardan toʻlov undirilmaydi:

    — test sinovlari tashkil etilayotgan yilda taʼlim muassasalarini tugatgan abituriyentlar;

    — nogironligi boʻlgan shaxslar;

    — toʻliq davlat taʼminotidagi shaxslar (“Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari).