Texnikalar mavsumga shaymi?

    Bahorgi dala ishlarida qatnashadigan 16 ming 882 dona qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarni taʼmirlash rejalashtirilgan.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan texnikalarni taʼmirlash, mavsumga hozirlash singari tadbirlar jiddiy nazoratga olindi.

    Bahorgi dala ishlarida qatnashadigan 16 ming 882 dona qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarni taʼmirlash rejalashtirilgan. Shundan 1612 ta chopiq traktori, 1612 ta kultivator, 962 ta chigit ekish seyalkasi, 261 ta gʻalla oʻrish kombayni, 412 ta purkagich, 399 ta mineral oʻgʻit sepgich, 194 ta yer tekislagich, 415 ta chizel hamda 11 ming 15 dona tishli borona belgilangan dislokatsiya orqali taʼmirlash maskanlariga yigʻildi va tizimli asosda taʼmirlanmoqda.

    Joriy yil 17-yanvarga qadar, mavjud 16 ming 882 ta qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarining 10 ming 792 tasi mavsumga hozirlandi. Shundan 1340 ta chopiq traktori va kultivator, 669 ta chigit ekish seyalkasi, 318 ta purkagich, 325 ta oʻgʻit sepgich, 6 ming 312 ta tishli boronalar sifatli tarzda taʼmirlanib, mavsumga shay holatga keltirildi.

    Inspeksiya organlari tomonidan bahorgi dala ishlarida qatnashadigan qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarning oʻz vaqtida sifatli taʼmirlanishi, muhandis-texnik xodimlarga shart-sharoitlar yaratilishi, tegishli tartibda butlovchi hamda ehtiyot qismlar bilan taminlanishi nazoratga olindi.

    Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida viloyatning barcha tumanlarda ham bu muhim tadbirga talab darajasida eʼtibor qaratilmayotganligi aniqlandi.

    Xususan, Narpay tumanining “Islom Shoir” nomli muqobil MTP hududidagi “Shodmon Quvonov” fermer xoʻjaligiga tegishli 1 dona “TTZ-80.11” rusumli traktorga oʻrnatilgan “KRX-4B” rusumli kulʼtivatorning ishchi organlari yangisiga almashtirilmagan, katoklar oʻrnatilmagan, ayrim organlar faqatgina buyoq qilish bilan kifoyalangani, oʻgʻit berish moslamasi ishchi holatiga keltirilmagani aniqlandi. Tumanning “Bobur” nomli muqobil MTP hududidagi “Boboyev Karim ota” fermer xoʻjaligiga tegishli 1 dona “MTZ-80X” rusumli traktor va kultivatori taʼmirlash ishlariga kirishilmagan. Kultivatorning ishchi organlari yangisiga almashtirilmagan, gryadil vtulkalari almashtirilib taʼmirlanmagan, apparatining oʻgʻit oʻtkazgichlari hamda oʻgʻit berish moslamalari taʼmirlanmagan.

    Paxtachi tumanidagi “A.Allayarov” MMTP hududida joylashgan “Bodoyning saxovatli yeri” fermer xoʻjaligiga tegishli 1 dona “KRX-4B” rusumli kulʼtivatorning ishchi organlari yangisiga almashtirilmagan, gryadil vtulkalari almashtirilib taʼmirlanmagan, oʻgʻit berish moslamasining oʻgʻit oʻtkazgichlari taʼmirlanmagan. Tumandagi “Tojiyev Umurzoq dalalari” fermer xoʻjaligiga tegishli 1 dona chizelning ishchi organlari yangisiga almashtirilmagan, payvandlash ishlari bajarilmagani maʼlum boʻldi.

    Shuningdek, Payariq tumanidagi “Xasan-Husan” nomli muqobil MTP hududidagi “Choporoshli zamini” fermer xoʻjaligiga tegishli 1 dona “KRX-4B” rusumli kulʼtivatorning ishchi organlari yangisiga almashtirilmagan, gryadel vtulkalari almashtirilib taʼmirlanmagan, oʻgʻit sepish moslamasining oʻgʻit oʻtkazgichlari hamda oʻgʻit berish moslamalari taʼmirlanmagan. Shunday holat “Oqqoʻrgʻon” noli muqobil MTP hududidagi “Shuxrat Abduraxmonovich” fermer xoʻjaligida ham mavjud.

    Mazkur holatlarni bartaraf etish yuzasidan masʼullar ogohlantirilib, texnikalarni mavsumga hozirlash tadbirlari jiddiy nazoratga olindi.

    Shaxriddin Butunov,

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

    bosh inspektori