Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova maʼlumotlariga koʻra, professional taʼlimda yaxlit boshqaruv tizimi mavjud boʻlmagani va muassasalar 27 ta vazirlik va idora boʻysunuviga berilgani sababli ularning faoliyati samarali tashkil etilmagan. Vazirliklar oʻrtasida muvofiqlashtirish boʻlmagani uchun 75 ta kasbga oʻqitish markazida oʻqitilayotgan 30 dan ortiq kasb yaqin hududdagi 275 ta professional taʼlim muassasasida ham oʻqitilmoqda.
Endilikda davlatimiz rahbarining 2024-yil 16-oktyabrdagi “Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan Oʻzbekistonda kasbiy taʼlimning barcha darajalari boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmogʻi tashkil etiladi.
3 turdagi muassasa optimallashtirilib, ularning negizida barcha darajalar va yoʻnalishlar boʻyicha kadr tayyorlaydigan yagona muassasa turi – texnikumlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bunda 672 ta proftaʼlim muassasasi negizida 600 ta texnikum tashkil etiladi, 71 ta taʼlim muassasasi maktablarga berilib, 42 mingta yangi oʻquvchi oʻrni yaratiladi. Barcha dasturlarni bitta muassasa negizida oʻqitish natijasida taʼlim darajalarining uzviyligi, uzluksizligi va integratsiyasi taʼminlanadi hamda ularning smena koeffitsiyenti normallashadi.
14 ta texnikumda tajriba tariqasida 12 ta kvalifikatsiya boʻyicha Pirson kompaniyasining BITEK dasturi joriy qilinadi.