Texnikum va kollejlarda oʻquv jarayoni qachondan boshlanadi?

    Ta'lim 19 Noyabr 2020 55519

    AOKAda oʻtgan brifingda Oliy va oʻrta-maxsus taʼlimi vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev savollarga javob qaytardi.

    Savol: Abituriyentlarni oʻqishga qabul qilishda nogironligi boʻlgan yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun alohida grant oʻrinlari belgilanganmi?

    Javob: Professional taʼlim muassasalariga yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan oʻquvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.

    Savol: Qabul rejasidan ortiq kelib tushgan hujjatlarni qoʻshimcha qabul qilishga ruxsat beriladimi?

    Javob: Bu borada ota-onalar va abituriyentlarning takliflari tegishli vazirliklar va idoralar, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan koʻrib chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga taklif kiritiladi.

    Savol: Qabul kvotasidan kam abituriyent topshirgan, lekin guruh shakllanishi uchun oʻquvchilar soni yetarli boʻlmagan kasblarga hujjat topshirgan talabalar nima qiladi?

    Javob: Guruh shakllangan turdosh kasb va mutaxassisliklarga hujjat topshirish imkoniyatlari yaratilishi rejalashtirilgan.

    Savol: Yozma imtihonga qatnashmagan talabalarga agar qabul kvotasida yetarli oʻrin boʻlsa, shartnoma asosida oʻqishiga ruxsat etiladimi?

    Javob: Professional taʼlim muassasalariga qabul barcha uchun (ham davlat granti, ham toʻlov-kontrakt boʻyicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihonda eng yuqori ball toʻplagan abituriyentlarning davlat grantlari boʻyicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi taʼminlanadi.

    Qolgan abituriyentlar ballar reytingi asosida belgilangan toʻlov-kontrakt parametrlari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.

    Savol: Mehribonlik uyidan kelgan oʻquvchi yozma imtihonga qatnashadimi?

    Javob: Professional taʼlim muassasalariga yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan oʻquvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.

    Lekin kollej va texnikumlarga hujjat topshirgan barcha abituriyentlar saralash imtihonlarida qatnashishi lozim.

    Savol: Texnikum va kollejlarda oʻquv jarayoni qachondan boshlanadi?

    Javob: Oʻquv jarayonini boshlash uchun birinchi navbatda saralash imtihonlarini oʻtkazish va natijalarni eʼlon qilish kerak boʻladi.

    Natijalar eʼlon qilingandan soʻng oʻquvchilar oʻrtasida oʻquv yilini boshlash va taʼlim jarayonini anʼanaviy yoki masofaviy tashkil etish boʻyicha soʻrovnoma oʻtkaziladi.

    Yangi oʻquv yilini anʼanaviy tarzda boshlashga tayyor boʻlgan kollej va texnikumlarda oʻquv jarayonini boshlash masalasini tuman (shahar) xalq deputatlari kengashi muhokamasidan oʻtkaziladi.

    Taʼlim muassasalarning tayyorgarlik holatini oʻrganish va soʻrovnoma natijalari tahlili asosida oʻquv yilini boshlash muddatlari belgilanadi hamda qoʻshimcha ravishda eʼlon qilinadi.

    Savol: Universitet qoshidagi texnikum boʻlsa, faqat oʻsha universitetga topshiradimi yoki boshqa universitetga ham yoʻnalishi boʻyicha suhbat bilan qabul qilinadimi?

    Javob: Oʻrta maxsus taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.

    Bunda Siz hujjat topshirgan texnikumga faqatgina tegishli oliy taʼlim muassasalari emas, oʻqishga kirgan yoʻnalishiga qarab boshqa oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish imkoniyati mavjud.

    Bu boʻyicha alohida tartib ishlab chiqiladi va batafsil axborot beriladi.

    Savol: Imtihonga uzrli sabablarga koʻra kelolmasa, imtihondan chetlatiladimi?

    Javob: Abituriyent ruxsatnomasida koʻrsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi. Mazkur sana va vaqt qatʼiy hisoblanib, boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.

    Savol: Nukus shahri tibbiyot kollejiga oʻqishga topshirdim, yoshim 27 da. Men kollejga kira olmasam, super kontrakt pulini toʻlab oʻqisam boʻladimi?

    Javob: Bu yilgi qabul jarayonlaridan kelib chiqib, bu takliflar ham albatta koʻrib chiqiladi.

    Savol: Kollejlarda kirish imtihonlari tashkil etish xarajatlari byudjetdan tashqari mablagʻ boʻlmaganda kim tomonidan qoplanadi?

    Javob: Bunday holatlarda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi
    715-son qaroriga muvofiq saralash imtihonlari xarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

    Savol: 2017/2020 oʻquv yillarida oʻqishni imtiyozli diplom bilan bitirganlar uchun imtiyoz, universitetga 2-kursdan yoʻllanma yoʻqmi?

    Javob: Texnikumlarni bitirganlar uchun oliy taʼlim muassasalariga kirishlari uchun imtiyoz 2020/2021 oʻquv yilidan oʻrta maxsus taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan (texnikumlarni) bitiruvchilar uchun tatbiq etiladi.