Texnikumlarda kredit-modul tizimi yoʻlga qoʻyiladi

    Ta'lim 11 Dekabr 2023 725

    Hukumat qarori (648-son, 07.12.2023-y.) bilan Texnikumlarda kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi

    Nizomga koʻra, texnikumlarda kredit-modul tizimida oʻquv jarayoni kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa modeliga (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) muvofiq tashkil qilinadi.

    Kredit-modul tizimi joriy etiladigan taʼlim dasturlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.

    Oʻquv yili davomiyligi taʼlim dasturi asosida belgilanadi. Akademik davr davomida oʻquvchi tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan kreditlar miqdori oʻquv rejasida koʻrsatilgan majburiy va tanlov fanlarni oʻz ichiga oladi.

    Oʻquvchi bir oʻquv yilida kamida 60 kredit toʻplashi zarur. Texnikumlarda oʻquv yuklamasining hajmi oʻquv rejasi asosida belgilanadi.

    Kredit-modul tizimida 1 kredit oʻrtacha 25-30 akademik soat hisobidagi oʻquv yuklamasiga teng qilib olinadi.

    Bunda oʻquvchi muayyan fandan tegishli kreditlarni toʻplashi uchun belgilab olingan miqdordagi oʻquv yuklamasini oʻzlashtirishi zarur.

    Oʻquv yuklamasi auditoriya soati va mustaqil taʼlim soatiga boʻlinadi. Taʼlim dasturi oʻquv yili uchun oʻquvchi tomonidan, qoida tariqasida, bir semestrda 30 kredit, bir oʻquv yilida 60 kredit toʻplashi inobatga olinib ishlab chiqiladi.

    Akademik qarzdor oʻquvchilarning tashabbusi bilan mavjud akademik qarzlarni topshirish texnikumda taʼtil vaqtida pulli asosda tashkil etiladi.