Nizomga koʻra, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur sohada vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Ariza beruvchi qoʻshma taʼlim dasturini joriy etish uchun belgilangan hujjatlarni ilova qilgan holda vakolatli organga ariza bilan murojaat qiladi.
Vakolatli organ 15 ish kuni mobaynida arizani koʻrib chiqadi.
Belgilangan talablar bajarilganda hamda Oʻzbekistonning kadrlar tayyorlash sohasiga mos boʻlganda, qoʻshma taʼlim dasturini joriy etish boʻyicha ijobiy xulosa beriladi.
Ijobiy xulosaga asosan texnikum bilan xorijiy taʼlim tashkiloti oʻrtasida kelishilgan muddatlarda belgilangan tartibda shartnoma rasmiylashtiriladi.
Qoʻshma taʼlim dasturi asosida oʻquvchilar texnikum tomonidan hamkor xorijiy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda tasdiqlangan tartibga muvofiq oʻqishga qabul qilinadi.
Bitiruvchilarga xorijiy taʼlim tashkiloti joylashgan davlatda hamda Oʻzbekistonda tan olinadigan kvalifikatsiya (davlat namunasidagi diplom yoki sertifikat) beriladi.








