Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vaksinalar va immunoprofilaktika boʻlimi boshligʻi Diloram Tursunovaga murojaat qildik.

– “SPUTNIK-V” vaksinasi tez orada olib kelinadi va birinchi dozani olgan har bir kishi ikkinchisini oladi, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vaksinalar va immunoprofilaktika boʻlimi boshligʻi Diloram Tursunova. – Shu oʻrinda aytish kerakki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va “SPUTNIK-V” ishlab chiqaruvchisining tavsiyalari boʻyicha vaksinalar orasidagi minimal oraliq 21 kun. Lekin vaksinani 28 kunda ham 12 haftagacha va 6 oygacha qilish mumkin. Biz vaksinani kutamiz, u kelishi bilan uni darhol barcha davolash-profilaktika muassasalariga tarqatamiz va emlash ishlari oʻtkaziladi. Shu sababli aholini hech ham xavotirlanmaslikni soʻrab qolamiz. Oʻz navbatida Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan berilgan tavsiyalar – tibbiy niqob taqish, masofa saqlash, xonalarni shamollatib turish, gigiyena qoidalariga rioya qilishlarini eslatib oʻtamiz.

“Reuters” agentligining xabar berishicha, Rossiya Federatsiyasi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi (RFPI), “SPUTNIK-V” vaksinasini ishlab chiqqan mualliflarning fikrlariga asoslanib, mazkur vaksina bilan emlanishlar oraligʻini (interval) 180 kungacha uzaytirish mumkin.

Mazkur agentlikning maʼlumotlariga koʻra emlanishlar oraligʻining uzaytirilishi, organizmda kuchliroq immunt javobi shakllanishiga olib keladi.

“Vaksinaning birinchi va ikkinchi komponentlari bilan emlanishlar ruxsat etilgan oraligʻining uzaytirilishi mazkur vaksinalarni xalqaro darajada yetkazib berishda yuzaga kelayotgan muammolar bilan bogʻliqmi degan savolga Rossiya Federatsiyasi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi vakillari zinhor u bilan bogʻliq emas, deya taʼkidlamoqdalar.

Avval, Gamaleya nomli ilmiy tadqiqot instituti direktori Aleksandr Ginsburg “SPUTNIK-V” vaksinasining birinchi va ikkinchi komponentlari bilan emlanish oraligʻini 21 kundan 90 kungacha uzaytirish mumkinligini maʼlum qilgan.

Hozirga kelib, bevosita “SPUTNIK-V” vaksinasidan foydalanayotgan Argentina va Filippin davlatlari mazkur vaksina bilan emlashlar oraligʻini uzaytirgan.

“SPUTNIK-V” vaksinasi bugungi kunga qadar 3.5 mlrd. aholi istiqomat qiladigan 67 ta davlatda sifatli, xavfsiz va samaradorligi yuqori boʻlgan vaksina sifatida tan olingan hamda rasman roʻyxatdan oʻtkazilgan.