Tez orada O‘zbekistonda Rotana brendi ostida mehmonxonalar ish boshlaydi

    Turizm 25 Iyul 2023 1173

    Joriy yil 24-iyulda Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov va Rotana Hotels and Resorts (Rotana mehmonxonalar boshqaruvi) korporatsiyasi direktorlar kengashi a’zosi Husayn al Novais o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda dastlab, Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan nufuzli ishbilarmon mehmon O‘zbekistonda ilk marotaba bo‘lib turganligini qayd etib, mamlakatning tarixiy va zamonaviy qiyofasi, shuningdek bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar uni hayratda qoldirganini ta'kidladi. Xorijlik mehmon arab davlatlarida O‘zbekiston bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilayotgan bo‘lsada, bu quyoshli yurtning to‘liq imkoniyatlarini ochib bera olmayotganligini ta’kidladi. Shu boisdan kelajakda bu yo‘nalishda hamkorlik qilish masalasini ilgari surdi.

    Ikki tomonlama o‘tkazilgan muloqotlar jarayonida joriy yil oktyabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda korporatsiyaning ishtiroki va uning doirasida amalga oshiriladigan loyihalar muhokama etildi.

    Xorijlik mehmonga O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma'lumot berilib, yirik investitsion loyihalar taqdimoti bilan ham tanishtirildi.

    Muloqot yakunida Husayn al Novais Rotana korporatsiyasi brendi ostida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida mehmonxonalar boshqaruvi bilan shug‘ullanish yoki investitsiya kiritgan holda yangi mehmonxonalarni ishga tushirish taklifini berdi.

    Shuningdek, Rotana brendi ostida ishga tushiriladigan mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatish sifatini jahon standartlari asosida tashkil etish maqsadida xorijdan sifatli kadrlarni jalb etgan holda o‘zbekistonlik yoshlarni ishga tayyorlash va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatayotganlarni dunyo bo‘ylab ROTANA brendi mehmonxonalarida malakasini oshirish loyihalari ham o‘rganildi.

    Rotana mehmonxonalar boshqaruvi korporatsiyasi direktorlar kengashi a’zosi Husayn al Novais bilan o‘rtaga tashlangan loyihalar bo‘yicha tez kunlarda kompaniyaning maxsus ishchi guruhini O‘zbekistonda qabul qilish va ish jarayonlariga kirishish borasida kelishib olindi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.