Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM) va unga biriktirilgan respublika sanitar aviatsiyasi hamda Toshkent shahrining “103” xizmati SHTYOXning bosh muassasasi hisoblanib, bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda tashkil qilingan markazning 13 ta filialida aholiga maxsuslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatib kelinmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizning 205 ta aholi punktida RSHTYOIMning subfiliallari – shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlari, 1600 dan ortiq tez tibbiy yordam shoxobchalari faoliyat yuritmoqda.

Bilamizki, toʻrt-besh yil avval mamlakatimizda tez tibbiy yordam xizmati sifati anchayin nochor holda edi. Oʻsha vaqtlarda mazkur soha tibbiyotning eng koʻp tanqidga uchraydigan, aholining jiddiy va haqli eʼtirozlariga sabab boʻladigan tizimi boʻlgan, desak xato qilmaymiz.

Soʻnggi yillarda mazkur tizimga qaratilgan yuksak eʼtibor natijasida bugungi kunda “Tez yordam” tizimida bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun 6 500 soʻm mablagʻ ajratilmoqda. Vaholanki, bu raqam 2016-yilda atigi 500 soʻmni tashkil qilgan edi. Shu bilan birga, “Tez yordam” shoxobchalari 800 tadan 1 666 taga, tez tibbiy yordam brigadalari 1 890 tadan 2 685 taga yetkazildi.

Shuningdek, bundan 4-5 yil avval tez tibbiy yordam brigadalarining manzilga kechikib borishi, mashinalar, yonilgʻi va dori-darmonlar yetishmasligi odatiy xol edi. Eʼtiborlisi, bugungi kunda mazkur soha mutlaqo yangi innovatsion, sifat jihatdan yuksak, barcha xalqaro talablarga toʻliq javob beradigan tizimga aylandi.

Jumladan, bundan toʻrt yil avval yurtimiz “Tez yordam” xizmatida bor yoʻgʻi 24 ta reanimobil boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 435 taga koʻpaytirildi. Buning natijasida tez tibbiy yordamning kechikishlari 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaydi. Chaqiriqlarga yetib borish vaqti shaharlarda oʻrtacha 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha qisqardi.

Qolaversa, ushbu tizimda xususiy sektorning faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratib berilishi sababli ayni paytda xususiy tez tibbiy yordam koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalari soni 15 tadan 31 taga yetdi.

Bu ijobiy oʻzgarishlar, shubhasiz, bemorlarga shifoxonagacha boʻlgan tez tibbiy yordamni xalqaro andozalarga mos tarzda koʻrsatish imkonini bermoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.