Sogʻliqni saqlash vazirligining “Uzmedinfo” markazi va Axborot texnologiyalarini rivojlantirish boʻlimi hamkorligida Tez tibbiy yordam xizmati Call-markazining faoliyati boʻyicha hujjatlar, jumladan, Faoliyat reglamenti, namunaviy tarkibiy tuzilmasi, jihozlanish spetsifikatsiyasi, shtat birliklari tarkibi, idoralararo “Yagona dispetcherlik-kommunikatsion markazi”ni tashkil qilish boʻyicha Texnik vazifasi tayyorlandi va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangandan soʻng sogʻliqni saqlash vazirining 2018-yil 25-dekabridagi tegishli buyrugʻi bilan kuchga kirdi.

Hozirda Call-markazini bevosita tashkil qilish tajribasi mavjud tashkilot va kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi, jumladan, masʼul xodimlar Rossiya, Fransiya, Turkiya va Gruziya Call-markazlari faoliyati bilan tanishdilar. Ushbu muzokaralar va oʻrganishlar natijalarini inobatga olgan holda “Tez tibbiy yordam xizmatini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi”ni yaratish uchun Texnik vazifa ishlab chiqildi.

Tez tibbiy yordam brigadalarini zamonaviy aloqa uskunalar (ratsiya, GPS-navigatsiya) bilan jihozlash hamda barcha hududlarda “103” yagona telefon raqamini tatbiq etish yoʻnalishida “Uzelektroapparat-Elektroщit” AJ bilan hamkorlikda radioaloqa vositalari miqdori, standartlari va ajratiladigan chastotalar belgilandi.

Call-markazlari uchun ishlab chiqilgan maxsus dispetcherlik dasturlarini tatbiq qilish boʻyicha “BePro dasturchilar markazi” bilan hamkorlikda seminar oʻtkazildi. Tez tibbiy yordam xizmatini chaqirishning yagona “103” telefon raqamini respublikaning barcha hududlarida faoliyat olib borishiga erishildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.