Kundan kunga poytaxtimiz yoʻllari serqatnov boʻlib, avtotransport vositalari harakati ortib bormoqda. Tabiiyki, bu holat haydovchilardan atrofdagi jarayonlarga yanada eʼtiborli boʻlishni taqozo etadi.
Ayniqsa, ertalabki va kechki tigʻiz paytlarda shofyorlarning har qachongidan-da xushyor va sinchkov boʻlishi juda muhim. Boisi ayni shu vaqtda “Tez yordam” mashinasi qaysidir yurtdoshimizning hayotini saqlab qolish, dardiga malham boʻlish uchun shifoxonaga shoshayotgan boʻlishi mumkin.
Afsuski, koʻp hollarda baʼzi haydovchilar “103” avtomashinasi chaqiruv signalini yoqib tursa-da bunga parvo qilmaydi. Ayrim fuqarolar esa “Tez yordam”ga yoʻl bersa, jarima qogʻozi kelishidan xavfsiraydi. Vaholanki, qonunchilikka koʻra, maxsus imtiyozli avtomashinalarga taqiqlangan belgida yoʻl bergan shofyorlar jarimaga tortilmaydi.
Kuni kecha poytaxt koʻchalarining birida ana shunday holat kuzatildi. Haydovchi Chilonzor tumani Katta Hirmontepa koʻchasi 48-uy qarshisida svetoforning taqiqlovchi qizil chirogʻida oʻzining “Cobalt” rusumli avtomobilida toʻxtab turgan payt ortdan kelgan “Tez yordam” avtomashinasiga qoidani buzib boʻlsa-da yoʻl bergan.
Oradan ikki kun oʻtgach, uning yashash manziliga jarima qogʻozi borgan.
— Maxsus baza orqali tekshirilganda ushbu fuqaro oʻz avtotransport vositasida svetoforning taqiqlovchi qizil chirogʻida toʻxtab turgan vaqt “Tez yordam” avtomashinasiga yoʻl bergani aniqlandi, — deydi Toshkent shahar Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov. — Shu sababli holat oʻrganilib, haydovchi qoidani buzgan boʻlsa ham jarima jazosi oʻrnatilgan tartibda bekor qilindi. Shuningdek, oʻz fuqarolik burchini vijdonan bajargan ushbu fuqaro boshqarmamiz tomonidan taqdirlandi.