Mazkur holat Cogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olinib, zudlik bilan mavjud vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida oʻrganishlar olib borildi.

Aniqlanishicha, joriy yil 17-oktyabr kuni soat 00:30 lar chamasi Paxtaobod tez tibbiy yordam boʻlimi Madaniyat shoxobchasi dispetcher xizmatiga shu tumanning “Maʼrifat” mahallasidan murojaat kelib tushadi.

Shundan soʻng chaqiruv manziliga darhol navbatchi shifokor Nodirbek Ahmedov boshchiligidagi tez yordam brigadasi yuboriladi. Biroq chaqiruv boʻlgan xonadon egasi, 1991-yilda tugʻilgan fuqaro B.T. shifokorlarning yetib borishini kutmay, bemor onasi G.U.ni oʻz shaxsiy avtomashinasida “tez yordam” shoxobchasiga olib keladi.

Oʻsha kuni tuman tez tibbiy yordam boʻlimi Madaniyat shoxobchasida navbatchilik qilayotgan boshqa bir shifokor, 1994-yilda tugʻilgan Shohruh Zokirov darhol bemor G.U. ning qon bosimi, yurak urishini oʻlchab, unga kerakli tibbiy yordam koʻrsatadi.

Oʻz vaqtidagi muolajalar sababli bemor G.U. ning qon bosimi meʼyorlashib, umumiy holati yaxshilanadi. Ammo fuqaro B.T. onasiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordamdan qoniqmasdan, jamoat joyi hisoblangan “tez yordam” binosida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan shifokorlarni uyatli soʻzlar bilan haqorat qiladi va oʻz xizmat vazifasini oʻtayotgan yana bir shifokor – M. Dehqonovning yoqasidan olib, uni boʻgʻa boshlaydi.

Shu payt hamkasbini ajratish uchun borgan Sh. Zokirovning harakatlari mushtumzoʻr B.T.ga yoqmaydi va u shifokorning yuziga musht tushiradi. Bunga qanoat qilmagan B.T. musht zarbidan yerga yiqilgan Sh. Zokirovning yuzi va tanasining turli joylariga urib, unga jiddiy jarohat yetkazadi.

Shundan soʻng, olgan tan jarohatlari bilan Sh. Zokirov Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga yotqiziladi.

Oʻtkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi davomida Sh. Zokirovga bosh miya chayqalishi, burun suyagining sinishi, ikkala koʻz qovoqlari va burun sohasidagi qontalash tashxisi qoʻyilgan.

Hozir ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan B.T.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi.