“Tez yordam”da qancha shifokor ishlaydi?

    “103” xizmatida faoliyat yuritayotgan shifokorlarning 2289 nafari yuqori malaka toifasiga, 2385 nafari 10-20 yillik, 2057 nafari esa 20 yildan ortiq stajga ega.

    2021-yilning ayni shu davriga kelib, “tez yordam” xizmatida mehnat qilayotgan shifokorlar soni 13 ming 660 nafarga yetdi va sohani ushbu kadrlar bilan taʼminlanganlik darajasi 90 foizni tashkil qilmoqda. Maʼlumki, keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy tibbiyotning eng muhim yoʻnalishi boʻlgan tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini yana-da takomillashtirish, sohani yetuk va malakali kadrlar bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Bu bejiz emas, albatta. Boisi, bundan 4-5 yil avval tez tibbiy yordam xizmatida kadrlar masalasi eng ogʻriqli muammolardan biri edi. Shu bois, keyingi yillarda aynan mazkur yoʻnalishda izchil islohotlar amalga oshirilib, “103” xizmatini yetuk va malakali tibbiyot xodimlari bilan taʼminlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga jiddiy eʼtibor berildi. Natijada 2021-yilning ayni shu davriga kelib, sohada faoliyat olib borayotgan shifokorlar soni 13 ming 660 nafarga, taʼminlanganlik darajasi esa 90 foizga yetdi. Jumladan, bu koʻrsatkich Namangan va Buxoro viloyatlarida 100 foiz, Samarqand viloyatida 99 foiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Andijon viloyatida 96 foizni tashkil qilmoqda.

    “103” xizmatida faoliyat yuritayotgan shifokorlarning 2289 nafari yuqori malaka toifasiga, 2385 nafari 10-20 yillik, 2057 nafari esa 20 yildan ortiq stajga ega. Shuningdek, hozirgi paytda “tez yordam” xizmatini reanimatolog-shifokorlar bilan taʼminlash borasida ham ijobiy koʻrsatkich qayd etilib, tizimda faoliyat olib borayotgan ushbu mutaxassislar soni 661 nafarga yetkazildi. Bu borada eng yaxshi koʻrsatkich Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hissasiga toʻgʻri kelib, mazkur hududlarda “103” xizmati toʻliq ushbu mutaxassislar bilan taʼminlangan.

    Shu bilan birga, bugungi kunda sohada mehnat qilayotgan oʻrta tibbiyot xodimlari 28 ming 408 nafar, taʼminlanganlik darajasi 98 foizni tashkil qilmoqda. Aytish lozimki, ularning 5361 nafari yuqori malaka toifasiga, 5637 nafari 10-20 yil, 4145 nafari esa 20 yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan oʻrta tibbiyot xodimlaridir.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati