Keyingi yillarda ushbu tizimning moddiy-texnik bazasi takomillashmoqda.
Shoshilinch va tez tibbiy yordamning tezkorligi, sifat va samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan ishlar oʻz samarasini bermoqda. Biroq, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarga qaramay, sohada hali qator oʻylantiradigan masalalar ham yoʻq emas. Masalan, baʼzi hollarda chaqiriq joyiga “tez yordam”ning kechikib borishi ana shunday masalalardan biridir.
Jumladan, 2020-yil davomida umumiy murojaatlarning 2,5 foiz holatlarda chaqiriqqa kechikib kelish holatlari yuz bergan. Toʻgʻri, bu foiz oʻtgan yillardagi bu boradagi koʻrsatkichlarda ancha past. Ammo shu oʻrinda, xoʻsh, “103” xizmati xodimlar va ixtisoslashgan avtotransport vositalari bilan toʻliq taʼminlangan boʻlsa, unda nega baʼzi hollarda “tez yordam” kechikadi, degan haqli savol tugʻilishi tabiiy.
Mutaxassislarning fikricha, bunga aksariyat holatlarda yoʻllarda “tez yordam” mashinasiga yoʻl berilmaslik, manzillarni aniq koʻrsatmaslik, asossiz va yolgʻon chaqiriqlar bilan bogʻliq holatlar sabab boʻlmoqda. Birgina 2020 davomida ushbu xizmatga 3 milliondan ortiq shoshilinch boʻlmagan holatlardagi murojaatlar kelib tushgan.
Taraqqiy etgan xorijiy davlatlarda yoʻllarda “tez yordam” mashinalari uchun alohida yoʻlaklar barpo etilgan. Bu yoʻllar doimo ochiq turadi. Shu bilan birga, “tez yordam”ga yoʻl boʻshatib berish boʻyicha haydovchilarda shaxsiy masʼuliyat juda yuqori.
Mamlakatimizda keyingi yillarda bunyodkorlik ishlari jarayonida bu masalalarga alohida eʼtibor qaratilayotgani quvonarli hol, albatta. Ammo qilinishi kerak boʻlgan ishlar ham talaygina. Chunki, yoʻllarimizda “tez yordam” mashinasiga yoʻl bermaslik holatlari hali ham tez-tez uchramoqda. Qachonki, mashina chaqiruv signalini yoqsagina, yoʻl boʻshatilishi mumkin.
Afsuski, chaqiruv signaliga parvo qilmaydiganlar ham yoʻq emas. Holbuki, bu hayotda hech bir inson tasodifiy baxtsiz hodisalardan, sogʻligʻi bilan bogʻliq muammo yuz berishidan kafolatlanmagan.
Shunday ekan, oʻzining va oʻzgalarning sogʻligʻi uchun hamisha eʼtiborli va masʼuliyatli boʻlish insoniylikning muhim qoidasidir.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot kotibi.