Dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq epidemik vaziyat juda tez oʻzgarmoqda. Ayniqsa, keyingi kunlarda mamlakatimizda ham kasallanishlar soni sezilarli darajada ortgani, xususan, poytaxtimizda “COVID-19»ga chalingan bemorlar kundan-kunga koʻpayib borayotgani barchamizda jiddiy tashvish uygʻotmoqda.
SSV Matbuot xizmati shahar “103” xizmatining ayni kundagi faoliyati, chaqiruvlar soni, aholining koronavirus bilan kasallanish holati yuzasidan maʼlumot olish maqsadida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi CALL-markazi boʻlim boshligʻi Nasiba MAHMUDOVAga murojaat qildi.
— Sir emas, soʻnggi haftalarda yurtimizda “COVID-19» infeksiyasi tarqalishi yana-da tezlashdi, — deydi N.Mahmudova. — Xususan, joriy yilning 23-iyun sanasidan mamlakatimizda kunlik kasallanishlar soni muntazam ravishda oʻrtacha 400 tadan ortayotgani, ayniqsa, Toshkent shahrida xastalikka chalinayotgan bemorlar koʻpchilikni tashkil qilayotgani barchamizdan karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilishni taqozo etmoqda. Qolaversa, bu salbiy holat shahar “103” xizmatiga boʻlayotgan chaqiruvlar soni ortishiga ham sabab boʻlayotir.
Raqamlarga murojaat qilsak, 2021-yil boshidan 5-iyul holatiga koʻra, shahar tez tibbiy yordam xizmatiga jami yarim milliondan ziyod chaqiriq kelib tushdi. Shundan 8578 tasini pnevmoniya va koronavirus infeksiyasiga hamda boshqa yuqumli kasalliklarga chalinganligi gumon qilingan katta yoshli bemorlar, 630 tasini esa 18 yoshgacha boʻlgan bolalar tashkil etdi.
Ayni paytda shahar “103” xizmati CALL-markaziga bir kunda oʻrtacha 4500-4750 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Xususan, soʻnggi 10 kun ichida (25-iyundan-4-iyulgacha) jami 42 ming 740 ta chaqiriq kelib tushdi.
Shundan pnevmoniya belgilari kuzatilgan, koronavirus tashxisi qoʻyilgan yoki unga gumon qilingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan toʻrt ming nafarga yaqin bemorga sifatli tez tibbiy xizmat koʻrsatildi.