Tibbiyot tizimidagi islohotlar natijasini odamlar qachon his qiladi? Eng avvalo, tez tibbiy va shoshilinch yordam sohasidagi ijobiy oʻzgarishlarni koʻrganda, albatta.
Shu maʼnoda bugun yurtimizda mazkur hayotiy muhim sohaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti.
Ayniqsa, soʻnggi yillarda “103” xizmatini barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy avtotransport vositalari bilan taʼminlash borasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar ushbu tizimda bemorlarga “oltin soat” oraligʻida sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini berayotir.
Raqamlarni tahlil qilsak, birgina oʻtgan 2023-yil Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki yurtimizda ishlab chiqarilgan 685 ta “Volkswagen Caddy” avtomashinalari bilan boyidi.
Shuningdek, joriy yil fevral oyida “103” xizmatining hududiy filiallariga yana 30 dona ana shunday zamonaviy avtoulovlar taqdim etildi.
Aytish lozimki, “Jizzakh Auto” tomonidan ishlab chiqarilgan bu galgi 70 ta avtotransport vositalari Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyati filiallariga mavjud ehtiyojga qarab taqsimlanadi.