TFT: Moda olami yangiliklari Toshkentda

    Biznes 27 Iyun 2022 1697

    Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” MKM majmuasida “Tashkent Fashion & Textile Expo” charm-poyabzal va toʻqimachilik biznesi sohasidagi ishlab chiqaruvchilar, xaridorlar va mutaxassislarni birlashtirgan oʻziga xos koʻrgazma boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman Turkiyalik ishbilarmonlar, qator davlat tashkilotlari va idoralari tomonidan “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.

    Koʻrgazmaning asosiy maqsadi sohadagi soʻnggi tendensiyalarni namoyish etishdan iborat. “Tashkent Fashion & Textile Expo” — Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan moda, charm-poyabzal, toʻqimachilik va charmsanoat uskunalari sohasidagi xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazma sanaladi. Koʻrgazmada Rossiya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkiya, Qirgʻiziston, Belarus kabi davlatlar vakillari ishtirok etdi. Koʻrgazma 6 ta boʻlimda tashkil etildi.

    Mazkur xalqaro koʻrgazmada “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalar ham oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Korxonalarmiz stendlarida charm-poyabzal va moʻyna sanoatining soʻngi tendensiyalari va yutuqlari oʻrin oldi. Shuningdek, tekstil sanʼatining yirik ishlab chiqaruvchilari oʻz mahsulotlarini xorijiy hamkorlarga taqdim etdi. Manfaatli aloqalar yoʻlga qoʻyildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.