“The Voice” vokal tanlovi endi Oʻzbekistonda

    Ikki yillik muzokaralardan soʻng “ZoʻrTV” telekanali Niderlandiya kompaniyasi bilan “The Voice” vokal teleshousining franshizasini qoʻlga kiritdi.

    Taʼkidlash oʻrinliki, Oʻzbekiston ushbu teleloyihani namoyish etish huquqini qoʻlga kiritgan dunyodagi 76-mamlakatga aylandi.

    Teleloyiha “Ovoz” nomi ostida efirga uzatiladi. Bir mavsum shou davomiyligi 4 oyni tashkil etadi.

    Vokal tanlovining hakamlar hayʼati aʼzolari Oʻzbekiston Xalq artisti Farrux Zokirov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Sevara Nazarxon va Tohir Sodiqov.

    Shu yilning 16-mart kuni “The Voice” loyihasining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilarga tanlovning maxsus kursisi namoyish etildi.

    Eslatib oʻtamiz “The Voice” vokal tanlovi baʼzi mamlakatlarda oʻzini oqlamagan.

    Tashkilotchilar loyihaning muvaffaqiyati sifatida vokal tanlovini mentalitetga moslashni koʻrsatishmoqda. Bu esa franshiza talablarini buzmaydi.

    Shuningdek, franshizaning muhim talablaridan biri tanlovda ijro etilayotgan xorijiy qoʻshiqlarning ulushi 50 foizdan kam boʻlmasligi shart qilib belgilangan.

    “Ovoz” teleloyihasining franshizasi 5-yilga moʻljallangan.