Shu yurtning har bir farzandi oʻzini har tomonlama himoyalangan his qilishi, xususan, malakali, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniga ega boʻlishi, birinchi navbatda, xalqning davlatga, bugungi va ertangi kuniga ishonchini mustahkamlaydigan asosiy omillardan.
Keyingi yillarda
sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar ana shu
ulugʻvor maqsad yoʻlidagi muhim qadamlardan boʻldi. Yangi shifoxonalar qurilib,
zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi, yuqori texnologik amaliyotlar soni ortib,
tibbiyotning koʻplab yoʻnalishlari yangi bosqichga koʻtarildi. Ammo bu hali hammasi
mukammal, harakatdan, rivojlanishdan toʻxtab qolishga haqqimiz bor degani emas.
Tobora shiddat bilan taraqqiyot pillapoyasidan ildamlayotgan davr tizimdan yanada
chuqur oʻzgarishlarni, boshqaruvda mutlaqo yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 maydagi “Sogʻliqni
saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi farmoni ana shu ehtiyojdan tugʻilgan tarixiy hujjat, zamonaning ayni
yoʻnalishda qarshimizga qoʻyayotgan savollariga munosib javob boʻldi. Kengroq tushuntirsak,
qarorda boshqaruv madaniyati, strategik rejalashtirish, ilmiy tahlil, klinik nazorat,
jamoatchilik bilan muloqot, raqamlashtirish va professional javobgarlik singari
masalalar yagona tizim holatida koʻrilmoqda. Ularning har biri haqida qisqacha mulohaza
yuritishni maqsad qildik.
Institutsional
asos
Tarixga nazar tashlansa, har qanday buyuk sivilizatsiya negizida toʻgʻri boshqaruv
siyosati, inson qadri va taqdirini ulugʻlash, sogʻlom va barkamol avlod tarbiyasiga
alohida eʼtibor qaratilganini kuzatish mumkin. Qadimgi Sharq tabobati, yunon tibbiy
maktablari, Movarounnahrdagi ilm markazlari — bularning barchasi inson salomatligiga
jamiyatning maʼnaviy va madaniy darajasini belgilovchi mezon deb qaragan kishilarning
tafakkuri mahsuli edi. Zero, inson hayotiga munosabat davlatning oʻz xalqiga munosabatini
ham aks ettiradi.
Bugun zamonaviy davlat
qudrati faqat iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan oʻlchanmaydi. Aholining umr davomiyligi,
onalar va bolalar salomatligi, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati, favqulodda
vaziyatlarga tayyorgarlik darajasi, profilaktika tizimining ishlashi kabi omillar
rivojlanishning eng muhim mezonlari qatorida turibdi. Soʻnggi yillarda dunyo boshdan
kechirgan pandemiya singari ogʻir sinovlar ham buning yaqqol dalilidir. Yaʼni sogʻliqni
saqlash tizimi zaif boʻlgan jamiyatlar eng murakkab vaziyatlarda katta yoʻqotishlarga
duch keladi. Tibbiyot faqat kasallik paytida eslanadigan soha emasligi, u milliy
xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy osoyishtalik bilan bevosita bogʻliq
tizim ekanini jahon ahli yanada chuqur anglab yetdi.
Shu nuqtai nazardan,
Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan islohotlar
strategik xarakter kasb etmoqda. Chunki sogʻlom jamiyat boʻlmasa, taraqqiyotning
boshqa yoʻnalishlari ham toʻliq samara bermaydi. Aytaylik, yangi-yangi maktab, oliygohlar
qurish, sanoat korxonalari barpo etish, ulkan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish
ham mumkin. Biroq inson va jamiyat salomatligi, xavfsizligi toʻla maʼnoda taʼminlamas
ekan, bu yutuqlarning barqarorligi xavf ostida qolaveradi. Shu bois, tibbiyot tizimini
muntazam modernizatsiya qilib borish aslida sogʻlom kelajak poydevorini mustahkamlash
demakdir.
Farmon bilan aholi
salomatligi koʻrsatkichlarini yaxshilash masalasining alohida maqsad sifatida belgilanishida
chuqur strategik maʼno mujassam. Bu yerda gap jamiyatning umumiy hayot sifati, mehnat
unumdorligi, oilalar barqarorligi, yosh avlodning jismoniy va ruhiy salomatligi
haqida bormoqda. Sogʻlom insongina oʻz kelajagiga ishonch bilan qaray oladi. Demak,
sogʻliqni saqlash tizimiga yoʻnaltirilayotgan har qanday mablagʻ mamlakatning ertangi
kuniga kiritilayotgan sarmoyadir.
Rivojlangan mamlakatlarning
tibbiyot tizimiga katta mablagʻ sarflayotgani ham bejiz emas. Negaki kasallikning
oldini olish uni davolashdan ancha arzonga tushishi allaqachon oʻz isbotini topib
ulgurgan haqiqat. Sifatli tibbiy xizmat esa millionlab insonlarning faol hayotini
uzaytiradi. Shu jihatdan, tibbiyotdagi har bir toʻgʻri boshqaruv qarori iqtisodiyotga
ham, ijtimoiy barqarorlikka ham xizmat qiladi.
Mazkur farmonda strategik
rejalashtirish, prognozlash va tahlil tizimiga katta eʼtibor qaratilgani ham aynan
mana shu zarurat bilan bogʻliq. Zamonaviy tibbiyot muammoni bugunning oʻzida hal
qilish bilan bir qatorda ertangi xavflarni oldindan koʻra bilishi kerak. Aholi sonining
oʻsishi, urbanizatsiya, ekologik omillar, toʻgʻri ovqatlanish madaniyati, turmush
tarzi bilan aloqador xatarlar chuqur oʻrganilmasa, kelajakdagi muammolar yanada
murakkablashadi. Shu tufayli tibbiyot tahlil va prognozlash bilan chambarchas bogʻliq
strategik sohaga aylangan.
Yana bir muhim
jihat bor. Inson salomatligi jamiyatdagi ijtimoiy ishonch muhitiga ham kuchli
taʼsir koʻrsatadi. Oddiy misol. Oʻzi yoki oila aʼzolaridan biri betoblikdan
aziyat chekayotgan inson malakali tibbiy xizmatdan foydalana olsa, murakkab
vaziyatda oʻzini yolgʻiz his qilmasa, ana shunda davlatga, islohotlarga ishonch
ham mustahkamlanadi. Tibbiyotga nisbatan ishonch hissi jamiyatdagi umumiy
adolat tuygʻusini ham kuchaytiradi.
Shuningdek, ushbu
hujjat asosida endi tibbiyot tizimi oddiy ijro mexanizmidan strategik qarorlar qabul
qilinadigan, tahlil va javobgarlik bir nuqtada kesishadigan murakkab boshqaruv
tizimiga aylanmoqda. Eng avvalo, Sogʻliqni saqlash vazirligiga berilayotgan
yangi vakolatlar tizimning ichki dinamikasini sezilarli darajada oʻzgartiradi.
Xususan, vazirlikka loyiha ofislarini tashkil etish huquqi berilishi orqali
islohotlar aniq loyihalar asosida yuritiladigan bosqichga oʻtmoqda. Bu holat
tibbiyot boshqaruvida eski byurokratik yondashuvdan bosqichma-bosqich voz
kechilib, natijaga yoʻnaltirilgan loyiha boshqaruvi shakllanayotganini
anglatadi. Har bir tashabbus endi alohida reja, resurs va natija mezoniga ega
boʻladi.
Shu bilan birga,
vazirlikka tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish vakolatlari berilmoqda.
Mazkur yondashuv tizimga yangiliklarni birdan va majburiy joriy etish emas,
balki avval sinovdan oʻtkazib, keyin kengaytirish tamoyilini olib kiradi.
Vazirlik faoliyatiga xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish imkoniyati
ham boshqaruv falsafasida sezilarli oʻzgarish borligini koʻrsatadi. Tibbiyot
xalqaro konsalting, ekspertiza va menejment tajribasi bilan uygʻunlashgan holda
rivojlanishi koʻzda tutilmoqda. Bu esa boshqaruvda yopiq tizimdan ochiq va
raqobatbardosh tizimga oʻtish jarayonini tezlashtiradi.
Farmon bilan
sogʻliqni saqlash tizimida yangi turdagi institutlar shakllantirilmoqda.
Sogʻliqni saqlash sohasida davlat siyosatining samaradorligini baholash, aholi
salomatligi koʻrsatkichlarini tahlil qilish va prognozlash, ilmiy tadqiqot
ishlarini amalga oshirish hamda strategik qarorlar qabul qilish uchun tahliliy
maʼlumotlar tayyorlash maqsadida Salomatlik va strategik rivojlanish instituti
negizida tashkil etilayotgan Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot
markazi ana shunday tuzilmalardan. Ushbu markaz qaror qabul qilish uchun analitik
asos yaratadi. Yaʼni endi sogʻliqni saqlash siyosati aniq maʼlumotlar tahlili
va prognozlar asosida shakllantiriladi.
Klinik audit
inspeksiyasining tashkil etilishi esa tizimda yangi turdagi nazorat madaniyati
paydo boʻlishiga xizmat qiladi. Inspeksiya tibbiyot muassasalarining
faoliyati, xizmat sifati va klinik standartlarga rioya etilishini mustaqil
baholaydi. Shu orqali tizimda ichki nazoratdan tashqi va professional
nazoratga oʻtish jarayoni boshlanadi. Bu esa sifat masalasini subyektiv qarashlardan
chiqarib, aniq mezonlarga bogʻlaydi.
Yana bir muhim
jihat — tibbiyot tizimida axborot siyosatining alohida institut darajasiga
koʻtarilishi. Sogʻliqni saqlash sohasidagi yangiliklar, tibbiy xizmatlar va
davlat siyosatini jamoatchilikka xolis va tezkor yetkazish, shuningdek,
jamoatchilik fikr-mulohazalarini tizimli ravishda yigʻish hamda tahlil qilish
va axborot siyosatini samarali tashkil qilish maqsadida yuridik shaxs maqomiga
ega boʻlgan davlat muassasasi shaklida Kontent mediamarkazining tashkil
etilishi orqali sogʻliqni saqlash sohasidagi jarayonlar jamoatchilikka
tizimli, tezkor va izchil yetkazilishi koʻzda tutilmoqda. Bu jamoatchilik
fikrini oʻrganish va tahlil qilish bilan bogʻlangan ikki tomonlama
kommunikatsiya modelidir. Shu bilan birga, “Call-markaz” va qayta aloqa
tizimining joriy etilishini ham boshqaruv falsafasidagi oʻzgarishning amaliy
ifodasi deyish mumkin. Umuman, sogʻliqni saqlash tizimi endi tahlil, vakolat
taqsimoti, loyiha boshqaruvi va mustaqil nazorat mexanizmlariga tayangan
murakkab institutlar majmuasiga aylanmoqda.
Professional masʼuliyat va boshqaruv
madaniyati
Har qanday tizimning haqiqiy qiyofasi uni boshqarayotgan
insonlarning masʼuliyatida, qaror qabul qilish tezligi va aniqligida, eng
muhimi, natijaga munosabatida namoyon boʻladi. Bugungi
islohotlar aynan shu jihat — inson omilini markaziy oʻringa olib chiqmoqda.
Farmon sohada rahbarlik tizimini butunlay yangi formatga oʻtkazishga xizmat
qiladi. Respublika va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalari rahbarlari bilan
mehnat shartnomalari cheklangan muddatga, yaʼni besh yilgacha tuzilishi
belgilandi. Bu oddiy tashkiliy oʻzgarish boʻlmay, boshqaruvda “natija asosidagi
rahbarlik” tamoyiliga oʻtishdir. Rahbarlar belgilangan muddatda yuritgan
samarali faoliyati bilan baholanadi.
Yangi modelning eng muhim talablaridan biri shuki, nomzod rahbarlik
lavozimiga tayinlangach, qisqa muddatda, aniqrogʻi, olti oyda muassasa rivoji
boʻyicha biznes-reja ishlab chiqishi va uni Sogʻliqni saqlash vazirligida
himoya qilishi zarur. Mazkur talab, oʻz navbatida, tibbiyot boshqaruviga
rejalashtirish madaniyatini olib kiradi. Har bir shifoxona yoki markaz oʻz
yoʻnalishini oldindan puxta ishlab chiqilgan strategiya asosida belgilaydi.
Shuningdek,
rahbarlar uchun bir yil muddatda tibbiyot menejmenti va moliyaviy boshqaruv
boʻyicha malaka oshirish majburiyati belgilanishi ham muhim burilishdir. Bu
orqali tibbiyot rahbarining faqat klinik tajribaga ega boʻlishi yetarli
emasligi, uning iqtisodiy, tashkiliy va strategik bilimlarni ham egallagan
boʻlishi zarurligi ochiq koʻrsatib berilmoqda. Chunki zamonaviy shifoxona
nafaqat davolash maskani, ayni vaqtda murakkab moliyaviy va boshqaruv tizimiga
ega yirik tashkilot hamdir.
Bundan tashqari,
tibbiyot muassasasi rahbarining bevosita tibbiy amaliyot bilan shugʻullanishi
cheklanadi. Ayrim hollarda faqat ilmiy-amaliy maqsadlar uchun ruxsat berilishi
mumkinligi koʻzda tutilgan. Mazkur qaror rahbarning diqqatini klinik
amaliyotdan boshqaruvga toʻliq yoʻnaltirishga xizmat qiladi. Negaki boshqaruv
va amaliy tibbiyot bir paytda toʻliq samarali yuritilishi har doim ham mumkin
emas. Bundan buyon rahbarning asosiy vazifasi tizimni boshqarish,
samaradorlikni oshirish va resurslarni toʻgʻri yoʻnaltirishdan iborat boʻladi.
Muhim
yangiliklardan yana biri samaradorlikni baholashning yagona mezoni sifatida KPI
tizimining joriy etilishidir. Bunda tibbiyot muassasasi faoliyati bir nechta
aniq koʻrsatkich asosida baholanadi. Ushbu koʻrsatkichlar orasida tibbiy xizmat
sifati, moliyaviy intizom, boshqaruv samaradorligi, raqamlashtirish darajasi,
kadrlar siyosati va boshqa muhim yoʻnalishlar mavjud. Belgilangan
koʻrsatkichlarga erishilmagan taqdirda esa mehnat shartnomasi muddatidan oldin
bekor qilinishi mumkin.
Yana bir muhim
yoʻnalish tibbiyot assotsiatsiyalarining rolini kuchaytirish bilan bogʻliq.
Aniqrogʻi, professional tibbiyot hamjamiyatlari oddiy maslahat organi emas,
aksincha, tizimni shakllantirishda faol ishtirok etuvchi subyektga aylanmoqda.
Ular tibbiy yordam standartlarini ishlab chiqishda qatnashadi, xizmat sifati
baholanishida ishtirok etadi, mutaxassislarni sertifikatlash va qayta
tayyorlash jarayonida mustaqil ekspert sifatida jalb qiladi. Shuningdek,
tibbiyot assotsiatsiyalarining mustaqil audit oʻtkazish vakolati ham muhim
yangilikdir. Bu orqali tibbiyot muassasalarining faoliyati ham ichki nazorat,
ham tashqi professional baholash bilan tekshiriladi. Natijada sifatni yashirish
yoki rasmiy koʻrsatkichlar bilan cheklash holatlari kamayadi.
Farmonning
moliyaviy va tashkiliy boshqaruvga oid qismi ham alohida eʼtiborga loyiq.
Tibbiyot muassasalariga ajratilgan mablagʻlarning yil yakunida olib
qoʻyilmasligi va keyingi yil biznes-reja tuzishda inobatga olinishi tizimda
yangi iqtisodiy ragʻbat mexanizmini yaratadi.
Sohaning
kelajak arxitekturasi
Bugun dunyoda tibbiyotning
tabiati asta-sekin oʻzgarib bormoqda. Avvallari shifokor qarori, tajriba va
kuzatuv asosiy oʻrinda turgan boʻlsa, endi bu jarayonlarga maʼlumotlar oqimi,
raqamli tizimlar va integratsiyalashgan platformalar tobora kuchli taʼsir
koʻrsatmoqda. Sogʻliqni saqlash tizimi ham ulkan maʼlumotlar ekotizimini oʻzida
jamlaydi. Mazkur farmon aynan shu haqiqatni chuqur anglagan holda, sogʻliqni
saqlash tizimini raqamli transformatsiya yoʻliga olib chiqishni strategik
vazifa sifatida belgilab berdi.
Eng avvalo, barcha
axborot tizimlari, platformalar va raqamli yechimlar uchun yagona arxitektura
va integratsiya standartlari joriy etilishi tizimning ichki tartibini tubdan
oʻzgartiradi. Maʼlumot almashinuvi protokollari va axborot xavfsizligi
talablari esa tizimning ishonchliligini taʼminlovchi asosiy poydevor vazifasini
bajaradi.
Farmon bilan
davlat tibbiyot muassasalarida axborot tizimlarini bosqichma-bosqich toʻliq
joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan.
Sababi raqamlashtirish bir zumda amalga oshiriladigan jarayon emas. U
bosqichma-bosqich, sinov va moslashuv orqali shakllanadigan murakkab
transformatsiya. Shu tufayli “yoʻl xaritasi” ayni jarayonni tartibga soluvchi
asosiy instrument boʻlishi darkor.
Shuningdek,
raqamlashtirishning asosiy jihatlaridan biri monitoring va baholash tizimining
joriy etilishidir. Endi axborot tizimlari amalda qanday ishlayotganiga koʻra
baholanadi. Tizimlar tibbiy xizmat sifatiga qanday taʼsir qilayotgani,
boshqaruvning tezkorligi va aniqligini qanchalik oshirayotgani doimiy kuzatuvda
boʻladi. Tibbiyot xodimlarini axborot tizimlaridan foydalanish boʻyicha
uzluksiz oʻqitish va malakasini oshirish tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda. Boisi,
texnologiyalardan samarali foydalana oladigan kadrlarsiz ular hech qanday
amaliy qiymatga ega emas. Aks holda, eng ilgʻor tizim ham amaliyotda samara
bermasligi ehtimoli yuqori.
Raqamli
transformatsiyaning yana bir muhim bosqichi amaldagi tizimlarning
samaradorligini kompleks baholashdir. Farmonga koʻra, Hisob palatasi tomonidan
mustaqil ekspertlar ishtirokida oʻtkaziladigan audit jarayonlari orqali
sogʻliqni saqlash sohasida joriy etilgan axborot tizimlari chuqur tahlil
qilinadi. Bu jarayonda texnik ishlash darajasi bilan birga ularning moliyaviy
samaradorligi va amaliy natijasi ham oʻrganiladi.
Davlat axborot
tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator —
“UZINFOCOM” MCHJ tomonidan sogʻliqni saqlash sohasida ishlab chiqilgan axborot
tizimlari va joriy loyihalarning samaradorligi hamda shartnomalar audit
predmeti etib belgilangan. Bu yondashuv raqamli loyihalarning real hayotda
qanchalik foyda berayotganini aniqlashga xizmat qiladi. Samarali deb topilgan
tizimlar rivojlantiriladi, samarasizlari esa qayta koʻrib chiqiladi yoki bekor
qilinadi. Shu orqali resurslarning oqilona sarflanishi taʼminlanadi. Shu bilan
birga, raqamli tizimlar tibbiyotdagi shaffoflik darajasini ham oshiradi.
Umuman, mazkur jarayon boshqaruv madaniyati, javobgarlik tizimi va tibbiy
xizmat sifati bilan chambarchas bogʻliq keng qamrovli transformatsiyadir.
Farmon tibbiyot
tizimida professional jamiyatning rolini ham yangicha yoʻsinda talqin qilish
ehtiyojini tugʻdirdi. Tibbiyot assotsiatsiyalariga berilgan vakolatlar orqali
soha ichidagi professional hamjamiyat qaror qabul qilish jarayoniga faol jalb
etilmoqda. Standartlar ishlab chiqish, sertifikatlash jarayonlarida ishtirok
etish, malaka baholash va mustaqil audit oʻtkazish vakolatlari tibbiyotda
professional oʻzini oʻzi tartibga solish tizimi shakllanayotganini koʻrsatadi.
Bir soʻz bilan
aytganda, sogʻliqni saqlash tizimi jamiyatdagi ishonch, adolat va inson qadrini
shakllantiruvchi muhim institutdir. Shu maʼnoda, farmon bilan boshlangan yangi
bosqich tibbiyot tizimini texnik yoki tashkiliy yangilanishlar darajasidan olib
chiqib, uni ijtimoiy ong, boshqaruv madaniyati va inson qadri bilan
chambarchas bogʻliq yaxlit tizimga aylantirmoqda. Bu esa sogʻliqni saqlash
sohasida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.
Asliddin
ABDURAZZOQOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri