Shu yurtning har bir farzandi oʻzini har tomonlama himoyalangan his qilishi, xususan, malakali, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniga ega boʻlishi, birinchi navbatda, xalqning davlatga, bugungi va ertangi kuniga ishonchini mustahkamlaydigan asosiy omillardan.

Keyingi yillarda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar ana shu ulugʻvor maqsad yoʻlidagi muhim qadamlardan boʻldi. Yangi shifoxonalar qurilib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi, yuqori texnologik amaliyotlar soni ortib, tibbiyotning koʻplab yoʻnalish­lari yangi bosqichga koʻtarildi. Ammo bu hali hammasi mukammal, harakatdan, rivoj­lanishdan toʻxtab qolishga haqqimiz bor degani emas. Tobora shiddat bilan taraqqiyot pillapoyasidan ildamlayotgan davr tizimdan yanada chuqur oʻzgarishlarni, bosh­qaruvda mutlaqo yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimida bosh­qaruv samaradorligini oshirish chora-­tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ana shu ehtiyojdan tugʻilgan tarixiy hujjat, zamonaning ayni yoʻnalishda qarshimizga qoʻyayotgan savollariga munosib javob boʻldi. Kengroq tushuntirsak, qarorda boshqaruv madaniyati, strategik rejalashtirish, ilmiy tahlil, klinik nazorat, jamoatchilik bilan muloqot, raqamlashtirish va professional javobgarlik singari masalalar yagona tizim holatida koʻrilmoqda. Ularning har biri haqida qisqacha mulohaza yuritishni maqsad qildik.

Institutsional asos

Tarixga nazar tashlansa, har qanday buyuk sivilizatsiya negizida toʻgʻri boshqaruv siyo­sati, inson qadri va taqdirini ulugʻlash, sogʻlom va barkamol avlod tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilganini kuzatish mumkin. Qadimgi Sharq tabobati, yunon tibbiy maktab­lari, Movarounnahrdagi ilm markazlari — bularning barchasi inson salomatligiga jamiyatning maʼnaviy va madaniy darajasini belgilovchi mezon deb qaragan kishilarning tafakkuri mahsuli edi. Zero, inson hayotiga munosabat davlatning oʻz xalqiga munosabatini ham aks ettiradi.

Bugun zamonaviy davlat qudrati faqat iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan oʻlchanmaydi. Aholining umr davomiyligi, onalar va bolalar salomatligi, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasi, profilaktika tizimining ishlashi kabi omillar rivoj­lanishning eng muhim mezonlari qatorida turibdi. Soʻng­gi yillarda dunyo boshdan kechirgan pandemiya singari ogʻir sinovlar ham buning yaqqol dalilidir. Yaʼni sogʻliqni saqlash tizimi zaif boʻlgan jamiyatlar eng murakkab vaziyatlarda katta yoʻqotishlarga duch keladi. Tibbiyot faqat kasallik paytida eslanadigan soha emasligi, u milliy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va ijti­moiy osoyishtalik bilan bevosita bogʻliq tizim ekanini jahon ahli yanada chuqur ang­lab yetdi.

Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan islohotlar strategik xarakter kasb etmoqda. Chunki sogʻlom jamiyat boʻlmasa, taraqqiyotning boshqa yoʻnalishlari ham toʻliq samara bermaydi. Aytaylik, yangi-yangi maktab, oliygohlar qurish, sanoat korxonalari barpo etish, ulkan iqtisodiy lo­yihalarni amalga oshirish ham mumkin. Biroq inson va jamiyat salomatligi, xavfsizligi toʻla maʼnoda taʼminlamas ekan, bu yutuqlarning barqarorligi xavf ostida qolaveradi. Shu bois, tibbiyot tizimini muntazam modernizatsiya qilib borish aslida sogʻlom kelajak poydevorini mustahkamlash demakdir.

Farmon bilan aholi salomatligi koʻrsatkichlarini yaxshilash masalasining alohida maqsad sifatida belgilanishida chuqur strategik maʼno mujassam. Bu yerda gap jamiyatning umumiy hayot sifati, mehnat unumdorligi, oilalar barqarorligi, yosh avlodning jismoniy va ruhiy salomatligi haqida bormoqda. Sogʻlom insongina oʻz kelajagiga ishonch bilan qaray oladi. Demak, sogʻliqni saqlash tizimiga yoʻnaltirilayotgan har qanday mablagʻ mamlakatning ertangi kuniga kiritilayotgan sarmoyadir.

Rivojlangan mamlakatlarning tibbiyot tizimiga katta mablagʻ sarflayotgani ham bejiz emas. Negaki kasallikning oldini olish uni davolashdan ancha arzonga tushishi allaqachon oʻz isbotini topib ulgurgan haqiqat. Sifatli tibbiy xizmat esa millionlab insonlarning faol hayotini uzaytiradi. Shu jihatdan, tibbiyotdagi har bir toʻgʻri bosh­qaruv qarori iqtisodiyotga ham, ijtimoiy barqarorlikka ham xizmat qiladi.

Mazkur farmonda strategik rejalashtirish, prognozlash va tahlil tizimiga katta ­eʼtibor qaratilgani ham aynan mana shu zarurat bilan bogʻliq. Zamonaviy tibbiyot muam­moni bugunning oʻzida hal qilish bilan bir qatorda ertangi xavflarni oldindan koʻra bilishi kerak. Aholi sonining oʻsishi, urbanizatsiya, ekologik omillar, toʻgʻri ovqatlanish madaniyati, turmush tarzi bilan aloqador xatarlar chuqur oʻrganilmasa, kelajakdagi muam­molar yanada murakkablashadi. Shu tufayli tibbiyot tahlil va prognozlash bilan chambarchas bogʻliq strategik sohaga aylangan.

Yana bir muhim jihat bor. Inson salomatligi jamiyatdagi ijtimoiy ishonch muhitiga ham kuchli taʼsir koʻrsatadi. Oddiy misol. Oʻzi yoki oila aʼzolaridan biri betoblikdan aziyat chekayotgan inson malakali tibbiy xizmatdan foydalana olsa, murakkab vaziyatda oʻzini yolgʻiz his qilmasa, ana shunda davlatga, islohotlarga ishonch ham mustahkamlanadi. Tibbiyotga nisbatan ishonch hissi jamiyatdagi umumiy adolat tuygʻusini ham kuchaytiradi.

Shuningdek, ushbu hujjat asosida endi tibbiyot tizimi oddiy ijro mexanizmidan strategik qarorlar qabul qilinadigan, tahlil va javobgarlik bir nuqtada kesishadigan murakkab boshqaruv tizimiga aylanmoqda. Eng avvalo, Sogʻliqni saqlash vazirligiga berilayotgan yangi vakolatlar tizimning ichki dinamikasini sezilarli darajada oʻzgartiradi. Xususan, vazirlikka loyiha ofislarini tashkil etish huquqi berilishi orqali islohotlar aniq loyihalar asosida yuritiladigan bosqichga oʻtmoqda. Bu holat tibbiyot boshqaruvida eski byurokratik yondashuvdan bosqichma-bosqich voz kechilib, natijaga yoʻnaltirilgan loyiha bosh­qaruvi shakllanayotganini anglatadi. Har bir tashabbus endi alohida reja, resurs va natija mezoniga ega boʻladi.

Shu bilan birga, vazirlikka tajriba-­sinov loyihalarini amalga oshirish vakolatlari berilmoqda. Mazkur yondashuv tizimga yangilik­larni birdan va majburiy joriy etish emas, balki avval sinovdan oʻtkazib, keyin kengaytirish tamoyilini olib kiradi. Vazirlik faoliyatiga xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish imkoniyati ham boshqaruv falsafasida sezilarli oʻzgarish borligini koʻrsatadi. Tibbiyot xalqaro konsalting, ekspertiza va menejment tajribasi bilan uygʻunlashgan holda rivoj­lanishi koʻzda tutilmoqda. Bu esa boshqaruvda yopiq tizimdan ochiq va raqobatbardosh tizimga oʻtish jarayonini tezlashtiradi.

Farmon bilan sogʻliqni saqlash tizimida yangi turdagi institutlar shakllantirilmoqda. Sogʻliqni saqlash sohasida davlat siyo­satining samaradorligini baholash, aholi salomatligi koʻrsatkichlarini tahlil qilish va prognozlash, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda strategik qarorlar qabul qilish uchun tahliliy maʼlumotlar tayyorlash maqsadida Salomatlik va strategik rivojlanish instituti negizida tashkil etilayotgan Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi ana shunday tuzilmalardan. Ushbu markaz qaror qabul qilish uchun analitik asos yaratadi. Yaʼni endi sogʻliqni saqlash siyosati aniq maʼlumotlar tahlili va prognozlar asosida shakllantiriladi.

Klinik audit inspeksiyasining tashkil etilishi esa tizimda yangi turdagi nazorat madaniyati paydo boʻlishiga xizmat qiladi. Ins­peksiya tibbiyot muassasalarining fao­liyati, xizmat sifati va klinik standartlarga rioya etilishini mustaqil baholaydi. Shu orqali tizimda ichki nazoratdan tashqi va professio­nal nazoratga oʻtish jarayoni boshlanadi. Bu esa sifat masalasini subyektiv qarashlardan chiqarib, aniq mezonlarga bogʻlaydi.

Yana bir muhim jihat — tibbiyot tizimida axborot siyosatining alohida ins­titut darajasiga koʻtarilishi. Sogʻliqni saqlash sohasidagi yangiliklar, tibbiy xizmatlar va davlat siyosatini jamoatchilikka xolis va tezkor yetkazish, shuningdek, jamoatchilik fikr-mulohazalarini tizimli ravishda yigʻish hamda tahlil qilish va axborot siyo­satini samarali tashkil qilish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat muassasasi shaklida Kontent mediamarkazining tashkil etilishi orqali sogʻliqni saqlash sohasidagi jarayonlar ­jamoatchilikka tizimli, tezkor va izchil yetkazilishi koʻzda tutilmoqda. Bu jamoat­chilik fik­rini oʻrganish va tahlil qilish bilan bogʻlangan ikki tomonlama kommunikatsiya modelidir. Shu bilan birga, “Call-markaz” va qayta aloqa tizimining joriy etilishini ham boshqaruv falsafasidagi oʻzgarishning amaliy ifodasi deyish mumkin. Umuman, sogʻliqni saqlash tizimi endi tahlil, vakolat ­taqsimoti, loyiha boshqaruvi va mustaqil nazorat mexanizmlariga tayangan murakkab institutlar majmuasiga aylanmoqda.

Professional masʼuliyat va boshqaruv madaniyati

Har qanday tizimning haqiqiy qiyofasi uni boshqarayotgan insonlarning masʼuliya­tida, qaror qabul qilish tezligi va aniqligida, eng muhimi, natijaga munosabatida namoyon boʻladi. Bugungi islohotlar aynan shu jihat — inson omilini markaziy oʻringa olib chiqmoqda. Farmon sohada rahbarlik tizimini butunlay yangi formatga oʻtkazishga xizmat qiladi. Respublika va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalari rahbarlari bilan mehnat shartnomalari cheklangan muddatga, yaʼni besh yilgacha tuzilishi belgilandi. Bu oddiy tashkiliy oʻzgarish boʻlmay, boshqaruvda “natija asosidagi rahbarlik” tamoyiliga oʻtishdir. Rahbarlar belgilangan muddatda yuritgan samarali faoliyati bilan baholanadi.

Yangi modelning eng muhim talablaridan biri shuki, nomzod rahbarlik lavozimiga ta­yinlangach, qisqa muddatda, aniqrogʻi, olti oyda muassasa rivoji boʻyicha biznes-reja ishlab chiqishi va uni Sogʻliqni saqlash vazirligida himoya qilishi zarur. Mazkur talab, oʻz navbatida, tibbiyot boshqaruviga rejalashtirish madaniyatini olib kiradi. Har bir shifoxona yoki markaz oʻz yoʻnalishini oldindan puxta ishlab chiqilgan strategiya asosida belgilaydi.

Shuningdek, rahbarlar uchun bir yil muddatda tibbiyot menejmenti va moliyaviy bosh­qaruv boʻyicha malaka oshirish majburiya­ti belgilanishi ham muhim burilishdir. Bu orqali tibbiyot rahbarining faqat klinik tajribaga ega boʻlishi yetarli emasligi, uning iqtisodiy, tashkiliy va strategik bilimlarni ham egallagan boʻlishi zarurligi ochiq koʻrsatib berilmoqda. Chunki zamonaviy shifoxona nafaqat davolash maskani, ayni vaqtda murakkab moliyaviy va boshqaruv tizimiga ega yirik tashkilot hamdir.

Bundan tashqari, tibbiyot muassasasi rahbarining bevosita tibbiy amaliyot bilan shugʻullanishi cheklanadi. Ayrim hollarda faqat ilmiy-amaliy maqsadlar uchun ruxsat berilishi mumkinligi koʻzda tutilgan. Mazkur qaror rahbarning diqqatini klinik amaliyotdan bosh­qaruvga toʻliq yoʻnaltirishga xizmat qiladi. Negaki boshqaruv va amaliy tibbiyot bir payt­da toʻliq samarali yuritilishi har doim ham mumkin emas. Bundan buyon rahbarning asosiy vazifasi tizimni boshqarish, samaradorlikni oshirish va resurslarni toʻgʻri yoʻnaltirishdan iborat boʻladi.

Muhim yangiliklardan yana biri samaradorlikni baholashning yagona mezoni sifatida KPI tizimining joriy etilishidir. Bunda tibbiyot muassasasi faoliyati bir nechta aniq koʻrsatkich asosida baholanadi. Ushbu koʻrsatkichlar orasida tibbiy xizmat sifati, moliyaviy intizom, boshqaruv samaradorligi, raqamlashtirish darajasi, kadrlar siyosati va boshqa muhim yoʻnalishlar mavjud. Belgilangan koʻrsatkichlarga erishilmagan taqdirda esa mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.

Yana bir muhim yoʻnalish tibbiyot assotsiatsiyalarining rolini kuchaytirish bilan bogʻliq. Aniqrogʻi, professional tibbiyot hamjamiyatlari oddiy maslahat organi emas, aksincha, tizimni shakllantirishda faol ishtirok etuvchi subyektga aylanmoqda. Ular tibbiy yordam standartlarini ishlab chiqishda qatnashadi, xizmat sifati baholanishida ishtirok etadi, mutaxassislarni sertifikatlash va qayta tayyorlash jarayonida mustaqil ekspert sifatida jalb qiladi. Shuningdek, tibbiyot assotsiatsiya­larining mustaqil audit oʻtkazish vakolati ham muhim yangilikdir. Bu orqali tibbiyot muassasalarining faoliyati ham ichki nazorat, ham tashqi professional baholash bilan tekshiriladi. Natijada sifatni yashirish yoki rasmiy koʻrsatkichlar bilan cheklash holatlari kamayadi.

Farmonning moliyaviy va tashkiliy bosh­qaruvga oid qismi ham alohida eʼtiborga lo­yiq. Tibbiyot muassasalariga ajratilgan mab­lagʻlarning yil yakunida olib qoʻyilmasligi va keyingi yil biznes-reja tuzishda inobatga olinishi tizimda yangi iqtisodiy ragʻbat mexanizmini yaratadi.

Sohaning kelajak arxitekturasi

Bugun dunyoda tibbiyotning tabiati asta-­sekin oʻzgarib bormoqda. Avvallari shifokor qarori, tajriba va kuzatuv asosiy oʻrinda turgan boʻlsa, endi bu jarayonlarga maʼlumotlar oqimi, raqamli tizimlar va ­integratsiyalashgan platformalar tobora kuchli taʼsir koʻrsatmoqda. Sogʻliqni saqlash tizimi ham ulkan maʼlumotlar ekotizimini oʻzida jamlaydi. Mazkur farmon aynan shu haqiqatni chuqur anglagan holda, sogʻliqni saqlash tizimini raqamli transformatsiya yoʻliga olib chiqishni strategik vazifa sifatida belgilab berdi.

Eng avvalo, barcha axborot tizimlari, platformalar va raqamli yechimlar uchun yagona arxitektura va integratsiya standartlari joriy etilishi tizimning ichki tartibini tubdan oʻzgartiradi. Maʼlumot almashinuvi protokollari va axborot xavfsizligi talablari esa tizimning ishonchliligini taʼminlovchi asosiy poydevor vazifasini bajaradi.

Farmon bilan davlat tibbiyot muassasalarida axborot tizimlarini bosqichma-bosqich toʻliq joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan. Sababi raqamlashtirish bir zumda amalga oshiriladigan jarayon emas. U bosqichma-bosqich, sinov va moslashuv orqali shakllanadigan murakkab transformatsiya. Shu tufayli “yoʻl xaritasi” ayni jarayonni tartibga soluvchi asosiy ­instrument boʻlishi darkor.

Shuningdek, raqamlashtirishning asosiy jihatlaridan biri monitoring va baholash tizimining joriy etilishidir. Endi axborot tizimlari amalda qanday ishlayotganiga koʻra baholanadi. Tizimlar tibbiy xizmat sifatiga qanday taʼsir qilayotgani, boshqaruvning tezkorligi va aniqligini qanchalik oshirayotgani doimiy kuzatuvda boʻladi. Tibbiyot xodimlarini axborot tizimlaridan foydalanish boʻyicha uzluksiz oʻqitish va malakasini oshirish tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda. Boisi, texnologiyalardan samarali foydalana oladigan kadrlarsiz ular hech qanday amaliy qiymatga ega emas. Aks holda, eng ilgʻor tizim ham amaliyotda samara bermasligi ehtimoli yuqori.

Raqamli transformatsiyaning yana bir muhim bosqichi amaldagi tizimlarning samaradorligini kompleks baholashdir. Farmonga koʻra, Hisob palatasi tomonidan mustaqil ekspertlar ishtirokida oʻtkaziladigan audit jarayonlari orqali sogʻliqni saqlash sohasida joriy etilgan axborot tizimlari chuqur tahlil qilinadi. Bu jarayonda texnik ishlash darajasi bilan birga ularning moliyaviy samaradorligi va ­amaliy natijasi ham oʻrganiladi.

Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator — “UZINFOCOM” MCHJ tomonidan sogʻliqni saqlash sohasida ishlab chiqilgan axborot tizimlari va joriy loyihalarning samaradorligi hamda shartnomalar audit predmeti etib belgilangan. Bu yondashuv raqamli loyihalarning real hayotda qanchalik foyda berayotganini aniqlashga xizmat qiladi. Samarali deb topilgan tizimlar rivojlantiriladi, samarasizlari esa qayta koʻrib chiqiladi yoki bekor qilinadi. Shu orqali resurslarning oqilona sarflanishi taʼminlanadi. Shu bilan birga, raqamli tizimlar tibbiyotdagi shaffoflik darajasini ham oshiradi. Umuman, mazkur jarayon boshqaruv madaniyati, javobgarlik tizimi va tibbiy xizmat sifati bilan chambarchas bogʻliq keng qamrovli transformatsiyadir.

Farmon tibbiyot tizimida professional jamiyatning rolini ham yangicha yoʻsinda talqin qilish ehtiyojini tugʻdirdi. Tibbiyot assotsiatsiyalariga berilgan vakolatlar orqali soha ichidagi professional hamjamiyat qaror qabul qilish jarayoniga faol jalb etilmoqda. Standartlar ishlab chiqish, sertifikatlash jarayonlarida ishtirok etish, malaka baholash va mustaqil audit oʻtkazish vakolatlari tibbiyotda professional oʻzini oʻzi tartibga solish tizimi shakllanayotganini koʻrsatadi.

Bir soʻz bilan aytganda, sogʻliqni saqlash tizimi jamiyatdagi ishonch, adolat va inson qadrini shakllantiruvchi muhim institutdir. Shu maʼnoda, farmon bilan boshlangan yangi bosqich tibbiyot tizimini texnik yoki tashkiliy yangilanishlar darajasidan olib chiqib, uni ijtimoiy ong, boshqaruv madaniya­ti va inson qadri bilan chambarchas bogʻliq yaxlit tizimga aylantirmoqda. Bu esa sogʻliqni saqlash sohasida yangi davr bosh­langanidan dalolat beradi.

Asliddin ABDURAZZOQOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri