Bu Prezidentning "Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonida belgilandi.
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab Agentlikka quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatiladi:
- nodavlat tibbiyot tashkilotlari tarmogʻini rivojlantirish, ularning sogʻliqni saqlash tizimiga integratsiyasini taʼminlash, ilgʻor tibbiy texnologiyalarni joriy etish borasida ularni qoʻllab-quvvatlash;
- tibbiyot tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish, DXSh va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
- davlat tibbiyot tashkilotlarini strategik rivojlanish dasturlari asosida boshqaruvga berishda ishtirok etish;
- sogʻliqni saqlash tizimida “yagona darcha” tamoyili asosida mahalliy va xorijiy investorlarga konsalting va boshqa xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlash;
- sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning master rejasini ishlab chiqishga va uni takomillashtirib borishga koʻmaklashish.
Shuningdek, Agentlik taʼsischiligida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Health Invest” kompaniyasi tashkil etiladi.
Agentlik qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Agentlik direktoriga sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari uchun belgilangan vakolatlar beriladi hamda uning zimmasiga sogʻliqni saqlash sohasida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish, DXSh loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq vazifalar yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Abdulla Abdisalamovich Azizov Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori lavozimidan ozod etildi.