Zamonaviy meʼmorchilik andozlari asosida qurilgan uch qavatli binoda bemorlar uchun kerakli boʻlgan barcha qulayliklar yaratib berildi.
Avvallari bu turdagi kasalliklardan aziyat chekkan bemorlar uchun dori taʼminoti yetarli boʻlmagan, ximiya terapiya usullari yoʻlga qoʻyilmaganligi sababli davolanish samaradorligi juda past boʻlgan.
Yangi tibbiy majmua bu boradagi mavjud muammolar yechimida qoʻl keldi. Bu yerda 30 oʻrinli onkogematologiya, 30 oʻrinli kardioxirurgiya, 15 oʻrinli neyroxirurgiya, 15 oʻrinli chaqaloqlar xirurgiyasi, reanimatsiya boʻlimi va operatsion blok faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan shifoxona uchun kerakli boʻlgan jihozlar yetkazib berildi. Xususan, 30 oʻrinli onkogematologiya boʻlimining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun 110 million soʻmlik qattiq va yumshoq jihozlar, laborator diagnostikasini yaxshilash maqsadida 94 million soʻmlik uch kamerali va 1 ta binokulyar mikroskop olib berildi. Onkogematologiya boʻlimida davolangan 596 nafar bolaga byudjet mablagʻlari hisobidan jami 5,3 milliard soʻmlik dori-darmon va tibbiy buyumlar xarid qilindi.