Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oltiariq tuman boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda Oltiariq tuman Markaziy poliklinikasi xodimasi N.R. fuqaro D.U.ning ishonchiga kirib, tanishlari yordamida tuman Tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qoʻyishi evaziga 1 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Nukus shahri boʻlimi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Ixtisoslashtirilgan endokrinologi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali xodimasi P.D. fuqaro N.G.ning ishonchiga kirib, uni tibbiyot muassasalarining biriga ishga joylashtirib qoʻyishi evaziga 15 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.