Tibbiyot muassasalariga ishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi

    Toshkent, Andijon hamda Xorazmda tibbiyot muassasalariga ishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan shaxslar qoʻlga olingan.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, Andijon viloyati Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasi statisti B.X. fuqaro T.Z.ni Marxamat tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimiga hamda fuqaro T.Yu.ni viloyat tibbiyot muassasalaridan biriga ishga kiritib qoʻyishi evaziga har biri uchun 800 AQSH dollaridan jami 1 600 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Departamentning Xiva shahar boʻlimi DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.Ya. fuqaro N.Yu.ning qarindoshi M.I.ni goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida 1 500 AQSH dollari evaziga “Bekobod” qishloq vrachlik punktiga ishga kiritib qoʻyishini aytib, oldindan 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Shu kabi, Departamentning Olmazor tumani boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Respublika tez tibbiy yordam markazi Toshkent shahar filialining boʻlim mudiri N.Z. (muqaddam sudlangan) fuqaro Z.A.ni Olmazor tumani tez tibbiy yordam boʻlimiga ishga kiritib qoʻyishi evaziga 5 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.