Joriy yil 28-iyul kuni Namangan shahridagi 10-sonli oilaviy poliklinikada oʻz navbatchiligini oʻtayotgan shifokorning tashxisidan norozi boʻlib, uni ayovsiz doʻpposlab, jiddiy tan jarohati yetkazgan aka-ukalar nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi.
Oʻtgan vaqt mobaynida jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudining ochiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Unda aka-uka qilmishlaridan pushaymon ekanliklari va shifokordan kechirim soʻraganliklarini bildirishdi, deya xabar bermoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
— Aka-ukalar bu xatti-harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishgan. Ushbu jinoiy harakatlar ularning aybiga iqrorliklaridan tashqari, sud majlisida ishtirok etgan guvohlarning koʻrsatmalari, sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasi hamda jinoyat ishidagi boshqa dalillar yigʻindisi bilan tasdigʻini topdi, — deydi Jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudining sudyasi Nodirbek Raimqulov.
Sud ukani Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topib, unga nisbatan 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Sudlanuvchi akaga esa 360 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida uning qamoqda saqlangan bir kuni majburiy jamoat ishlari jazosining 4 soatiga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan 144 soat majburiy jamoat ishlari jazosi qoldirildi.